Atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish

   Oldimizda turgan yana bir yirik masala atmosfera havosining musaffoligini asrash bilan bogʼliq.

 

   Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil boʼlgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat koʼrsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini taʼminlash strategik maqsadimiz boʼlib qoladi. Аtmosfera havosini muhofaza qilishni taʼminlovchi ekologik xavfsizlik talablari quyidagilardan iborat boʼlishi lozim deb hisoblaymiz:

 

  • joylarda atrof-muhitni meʼyoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash orqali ularning texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish;

     

  • atmosfera havosiga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi har qanday xoʼjalik faoliyati turlarini ifloslantiruvchi moddalarni tozalash uskunalari bilan jihozlanmasdan loyihalashtirishni taʼqiqlash;

     

   Аtmosfera havosidagi kislorod nafaqat inson, balki borliqdagi har bir tirik organizm hayoti uchun zarur resurs hisoblanadi. Biz atmosferani asrash orqali ekotizimning har bir aʼzosini muhofaza qilgan boʼlamiz. Qolaversa, zaharli gazlarning yogʼin vositasida tuproq va oʼsimliklarga qaytib tushish sirkulьyatsiyasining ham oldi olinadi.

 

   Shaharlar va sanoat hududlarida havoning ifloslanishi aholimiz salomatligiga jiddiy xavf solayotganini nafas yoʼllari, allergiya kabi muayyan kasalliklarning avj olishi, yosharishi misolida ham yaqqol koʼrish mumkin. Mamlakatimizda atmosfera havosini ifloslantirish darajasi boʼyicha hisob-kitoblar amalga oshirilishi yaxshi maʼlum. Unga koʼra, 2020 yilda atmosferaga tashlamalar miqdori 2 mln 225 ming tonnani tashkil qilib, 2018 va 2019 yilga nisbatan 7 foizga (155,0 ming va 150,0 ming tonna) kamaygan. Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga koʼra, Oʼzbekistonda havoning ifloslanishidan kelib chiqadigan yillik oʼlim darajasi, har 100 ming aholi soniga 81,1 ni tashkil qiladi. Holbuki aksariyat Yevropa davlatlarida ushbu koʼrsatkich 40 dan past, Ruminiya 59,3 va Bolgariyada 61,8 ni tashkil etadi.

 

   Shu bois ham mamlakatimizning yirik va sanoati rivojlangan shaharlarida atmosfera havosiga chiqarilayotgan uglerod, azot birikmalari, metan va boshqa gazlar chiqarilishini hamda chang miqdorini 1,5 barobarga kamaytirish eng muhim vazifalardan biri desak, mubolagʼa boʼlmaydi.

 

   Bu muammoga asosan yirik shaharlarimizda koʼproq duch kelamiz. Ulardagi avtotransport vositalari, sanoat obʼektlari, aholining maishiy chiqindilarni notoʼgʼri utilizatsiya qilishi – yoqishi oqibatida yuzaga keladigan zaharli moddalar ekotizimga yetarlicha xavf solmoqda.

 

   Jamoat transportining kamida 50 foizini gaz-ballon yoqilgʼi, elektr va boshka muqobil yoqilgʼi turlariga oʼtkazish boʼyicha, 2021 yil 1 iyulь sanasiga respublikada foydalanishda 3,0 mln donadan ortiq avtotransport vositalari boʼlib, shundan 36,0 foizi benzin, 4,0 foizi dizelь va 60,0 foizi gaz yoqilgʼisida harakatlanishga moʼljallangan.

 

   Ifloslantiruvchi moddalarning yuqoriligi ishlab chiqarishning oʼsishi bilan bogʼliq boʼlsa, ikkinchidan sanoat korxonalaridagi chang-gaz tozalash uskunalarining maʼnan eskirganligidir.

 

   Tahlillarga koʼra, respublikadagi mavjud 6,5 mingga yaqin chang-gaz tozalash uskunalarining 60 foizdan ortigʼi 10 yildan ortiq muddatda foydalanishda boʼlib, maʼnan eskirgan.

 

   Аyniqsa, Samarqand (77%), Surxondaryo (79%), Buxoro (82%), Xorazm (88%) viloyatlarida 10 yildan ortiq foydalanib kelinayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjud.

 

   Respublika boʼyicha bir yilda oʼrtacha qariyib 6,5 mln tonna tashlanmalar korxona va tashkilotlarda hosil boʼladi va shundan 5,6 mln tonnasi (yoki 87,3 foiz) ChGTUlarga yoʼnaltiriladi, shundan 5,5 mln tonnasi (yoki 85,2 foizi) ushlab qolingan va zararsizlantirilgan. Ulardan 4,6 mln tonnasi (yoki 83,6% foizi) utilizatsiya qilingan.

 

   Tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, ChGTUlarga yoʼnaltirilgan jami 5,6 mln tonna ifloslantiruvchi moddalar uskunalarning yaroqsizligi yoki unga eltuvchi quvurlarning nosozligi oqibatida atmosferaga bir yilda oʼrtacha 135,0 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tozalanmasdan toʼgʼridan-toʼgʼri tashlanmoqda.

 

   Xalqaro qabul qilingan amaliyotga muvofiq ifloslantiruvchi moddalarning oʼrtacha kontsentratsiyasi normativlari asosida havo sifatini baholashning mavjud tizimini isloh qilish maqsadga muvofiq. Shaharlar va yirik sanoat majmualari atrofida atmosfera havosi sifatini muntazam monitoring qilish stantsiyalarini koʼpaytirish ularni zamonaviy jixozlar bilan taʼmirlash PM 10 va PM 2,5 koʼrsatkichlarini kuzatib borish zarur.

birds birds