Ekologiya sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazida “Ekologiya sohasida jamoatchilik nazoratining holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, soha ekspertlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, eko-faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida so‘nggi yillarda mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilish, jumladan, atmosfera havosi, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Xamzayev, partiya tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
— Bugungi kundagi ekologik holatni to‘g‘ri anglagan aholimiz partiyamizning dasturiy g‘oya va maqsadlariga xayrixohlik bildirib, safimizga qo‘shilmoqda. Hozirda a’zolarimiz safi qariyb 700 minga yetdi. Bu hududlarda ekologik masalalar yuzasidan samarali jamaotchilik nazoratini olib borishda juda muhimdir. Shuningdek, murojaatlar bilan ishlash tizimini yaxshilash orqali ham jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga erishmoqdamiz, — dedi A.Xamzayev.
Davra suhbatida shuningdek, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda partiyalar ishtiroki va partiyaviy nazoratning ayrim xususiyatlari, mazkur sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda xorijiy tajriba, ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.