Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev navoiylik saylovchilar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Abdushukur Xamzayev Navoiy viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi.
Abdushukur Xamzayev “Yashil taraqqiyot uchun!” shiori ostidagi saylovoldi dasturida mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholining qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etish kabi takliflar ilgari surilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Jumladan, Iqtisodiyotni isloh qilish bo‘yicha Pestitsidlardan foydalanishni voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida “Yashil viza” (“Green Visa”) dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, aholi yashash punktlarida badbo‘y hid chiqarayotgan, lokal oqova suv tozalash inshootlari bo‘lmagan korxonalar faoliyatini belgilangan talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to‘xtatish tartibini kiritish, yuk tashishni yirik yuk mashinalaridan temir yo‘l transportlariga va atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan boshqa transport turlariga o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi talabini qonunchilikda belgilash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda ularning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, mamlakatda polietilen, poliamid tarkibli qadoqlash mahsulotlari, bir martalik ishlatiladigan plastik idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 2 barobarga kamaytirishga erishiladi.
Shuningdek, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi”ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, “Xalqaro savdoda ayrim xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan oldindan asoslangan kelishuv tartib-taomili to‘g‘risidagi konvensiya”, “Atrof muhitga ta’sirni transchegaraviy nuqtai nazardan baholash to‘g‘risidagi konvensiya”, “Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiya”ga qo‘shilish choralarini ko‘rish, maqsad qilingani ta’kidlandi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenligiga nomzod Abdushukur Xamzayevning saylovoldi dasturidagi taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga chorladi.
Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi, viloyatni yanada rivojlantirish, ekologik holatni yaxshilash borasida o‘z takliflarini bildirdilar.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Matbuot xizmati