calendar 29 Mart 13:07

Yashil yillikka munosib hissa qoʼshamiz

Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Bogʼot tuman Kengashi, partiya qoshidagi “Orol” ashula va raqs ansambli, Oʼzbekiston Mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Bogʼot tuman boʼlimi va Bogʼot tumanidagi 14-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamkorligida Bogʼot tumanidagi 22-sonli umumiy oʼrta taʼlim maktabida “Yashil yillikka munosib hissa qoʼshamiz!” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi.

 

Tadbirni maktab direktori Sorajon Tojieva boshqarib bordi. Kun tartibidagi  masala yuzasidan Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Bogʼot tuman Kengashi raisi, Xalq deputatlari Bogʼot tuman Kengashi deputati U.M.Ibrohimov soʼzga chiqib,  Oʼzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, aholining keng qatlami orasida atrof muhit va insonlar salomatligini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan uzluksiz tushuntirish va targʼibot ishlari haqida soʼz yuritdi.

 

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz boʼylab oʼtkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi davom etmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizda 25 martdan 5 maygacha mevali va manzarali koʼchatlar ekish, yangi bogʼlar yaratish, yashil hududlar tashkil qilish hamda obodonlashtirish ishlarini olib borish maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi. Ushbu umumxalq ishida har bir Bogʼotlik faol qatnashib oʼzlarining munosib hissalarini qoʼshishlari lozimligi aytib oʼtildi.   

Oʼzbekiston Mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Bogʼot tuman boʼlimi oʼrgatuvchisi Q.Gʼoyibov atrof muhit va insonlar salomatligini muhofaza qilish, “Vatanparvar” tashkilotining Bogʼot tuman boʼlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar, u yerda tahsil oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, faoliyat koʼrsatayotgan toʼgaraklar, har bir toifa boʼyicha oʼqitish va oʼrgatish tajribali ustozlar va oʼrgatuvchilar tomonidan olib borilishi, “Temir daftar”ga kirgan oila farzandlariga yaratilgan imtiyozlar toʼgʼrisida keng qamrovli tushuntirishlar berdi. 

 

Tadbir tashkilotchilari va maktab jamoasi birgalikda maktab hududiga ekilishi rejalashtirilgan 180 tupdan ortiq olcha koʼchatlari ekilishini boshlab yubordilar.         

 

Tadbir yakunida ustoz sanʼatkor, Respublika 1-maqomchilar koʼrik tanlovi gʼolibi, Bogʼot tumanidagi 14-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʼqituvchisi Yoʼldosh Tojiev rahbarligida Oʼzbekiston Ekologik partiyasi qoshida yangi tashkil qilingan “OROL” ansambli sozanda va xonandalari ijrosidagi kuy-qoʼshiqlar, jozibador surnay navolari raqslarga ulanib ketdi. Tadbirda faol ishtirok etganlarga partiya tomonidan tashkil qilingan kitobchalar va partiya logotipi tushirilgan sovgʼalar topshirildi.

 

 

Muhabbat Аbdullaeva

Bogʼot tumani hokimligi

axborot xizmati rahbari.

birds birds