calendar 20 Iyul 06:09

Yangilanayotgan Konstitutsiyada ekologik kafolatlar ifodasi

Shahrisabz tumanidagi Madaniyat va sanʼat maktabida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Abdushukur Hamzayev ishtirokida “Yangilanayotgan Konstitutsiyada ekologik kafolatlar ifodasi” deb nomlangan ochiq muloqot oʻtkazildi. 

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat, tuman (shahar) Kengashlari xodimlari, deputatlar, faol aʼzolar hamda OAV ishtirok etgan ochiq muloqotda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Muloqotda soʻzga chiqqanlar Konstitutsion islohotlarning xalqimiz hayotidagi ahamiyati, undagi bob va moddalarga kiritilayotgan oʻzgarishlar fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini yanada mukammal taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etib oʻtdi. Taʼkidlanishicha, Konstitutsiya — jamiyatning rivojlanishida ustun boʻlib xizmat qiladigan hujjat. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, rivojlanish, yuksalishlar davom etayotgan bir vaqtda Bosh Qomusimizda ham islohotlar olib borishni taqozo qiladi.

Maʼlum boʻlishicha, hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha keng jamoatchilik tomonidan jami 90 mingga yaqin takliflar yuborilgan. Ushbu takliflarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida inson huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, oila institutini rivojlantirish, boy tarixiy va madaniy merosimizni munosib saqlab qolish, ekologik huquqlar va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Yakunda ishtirokchilar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish, umumxalq muhokamasi jarayonlarini samarali oʻtkazish boʻyicha taklif va mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga partiya faollari batafsil javob berishdi.

birds birds