calendar 12 May 12:28

Tabiat chiqindilarsiz yanada go‘zal bo‘ladi

Xabar berganimizdek, bugun, 12-may — “Ekologik ta’lim kuni” munosabati bilan Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tog‘oldi dam olish hududi(xalq tilida Krasnogorsk)da ploging o‘tkazildi. Plogging — yugurish davomida chiqindi terib ketish. Bunga Shvetsiyada 2016-yili ekolog Erik Alstrom tomonidan asos solingan. Hozirda plogging Yevropa davlatlarida keng tarqalgan. O‘zbekistonda esa ilk marotaba o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Ekolog.uz sayti hamda O‘zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiya vakillari, talabalar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Yuqorida aytganimiz Parkent tumanining xalq tilida Krasnogorsk, deb ataladigan hududida poytaxt va Toshkent viloyati aholisi hamda mehmonlari dam olishi uchun ajoyib tabiiy muhit saqlangan. Bu yerga borgan odamning tabiiy yashillikdan dili yayraydi, o‘pkasi toza havoga to‘lib, tanasi o‘zgacha kuch va dadillikni his etadi.  Ammo odamlar tomonidan mana shunday go‘zallikka zarar yetkazilayotgani achinarli holat.

Inson tabiati qiziq, dam olish joylariga 20-30 kilolab yegulik va ichimliklarni iste’mol qilish uchun uzoq masofadan olib boradiyu ammo undan qolgan bir yoki ikki kilo bo‘lgan plastik idish va paketlarni olib qaytish malol keladi. Osongina uloqtirib ketaveradi. Bugungi tadbirda bunga yaqqol guvoh bo‘ldik.

Ploggingda eng ko‘p chiqindi yiqqan va faol ishtirok etgan talabalarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi matbuot xizmati

birds birds