calendar 02 Fevral 06:13

  2 fevral – Butunjahon suv-botqoq hududlari kuniga bag‘ishlanadi

Ona Yerimizning boy biologik xilma-xilligi ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, tarbiyaviy va estetik jihatdan beqiyos ahamiyatga ega. Biroq insoniyatning borliqdagi tabiiy jarayonlarga aralashuvi nabotot va hayvonot olamining qisqarishi, ayrim turlarning esa butunlay yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda.  

 

Bu borada suv ob’ektlari nafaqat insoniyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, balki butun hayvonot va o‘simlik olamining o‘ziga xos yashash muhiti sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Binobarin, Yer sharining yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 71 foizi suv bilan qoplangan bo‘lsa-da, suv havzalaridan oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi va sanoat ehtiyojlari uchun keng foydalanish ularga bo‘ladigan turli ta’sirlar ko‘lamining kengayishiga olib kelmoqda.

 

Shu maqsadda insoniyatning suv-botqoq yerlariga kuchayib borayotgan tajovuzini oldini olish, unga nisbatan to‘g‘ri munosabatni kuchaytirish maqsadida BMT tashabbusi bilan 1971 yilning 2 fevralida Eronning Ramsar shahrida “Asosan suvda suzuvchi qushlarning yashash joyi sifatida xalqaro ahamiyatga molik suv-botqoq maydonlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi qabul qilindi. Mazkur Konvensiyaning maqsadi suv-botqoq yerlarning iqtisodiy, madaniy va rekreatsiyaviy ahamiyatini hamda suvda suzuvchi qushlar va ularning muhofazasiga xalqaro resurs sifatida qaralishi lozimligini tan olgan holda uzoqni ko‘zlagan milliy siyosat bilan xalqaro harakatlar muvofiqlashtirilishini ta’minlanishdan iborat.

 

Ramsar konvensiyasini qabul qilgan davlatlar Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritish uchun o‘z hududidagi  xalqaro ahamiyatga molik suv-botqoq maydonlarini aniqlash va ushbu maydonlarni muhofazaga olish hamda ulardan samarali foydalanish, bu borada xalqaro hamkorlik yuritish kabi majburiyatlarni o‘z bo‘yniga oladi.

 

Ayni paytda mazkur Konvensiyaga 170 dan ortiq davlat a’zodir. Bugungi kunda Ramsar ro‘yxatiga 2300 ga yaqin suv-botqoq hududlar kiritilgan va ularning umumiy maydoni 250 mln gektarni tashkil etadi. Vaholangki, ushbu hududlar yer shari quruqlik maydonining jami 600 mln gektarini  (6 foizini) tashkil etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 30 avgustdagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ramsar Konvensiyasiga qo‘shildi va ushbu qaror 2002 yilning 8 fevralidan kuchga kirdi. Hozirda mamlakatimizning maydoni 31,3 ming gektarga teng Dengizko‘l hamda 527,1 ming gektar bo‘lgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda Navoiy viloyati hududida joylashgan To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan.

 

Dengizko‘l suvda suzuvchi qushlar monitoringi uchun muhim suv muhofaza ob’ekti hisoblanadi. U yerda qushlarning 170 dan ortiq turini, xususan, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlarning 24 turi hamda Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining ro‘yxatiga kiritilgan 2 turini uchratish mumkin.

 

Umuman, mazkur akvatoriyaning bioxilma-xilligini sut emizuvchilarning 35 turi, baliq hamda sudralib yuruvchilarning 24 turi, amfibiyaning 2 turi tashkil etadi. Suvi oqib chiqib ketmaydigan ko‘lda o‘simliklarning 47 turi o‘sib, ulardan 6 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, 16 turi Markaziy Osiyo endemiklari hisoblanadi.

 

Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi tarkibiga Tuzkon, Arnasoy va Aydarko‘l ko‘llari kiradi. Suvi oqib chiqib ketmaydigan ko‘l 200 dan ortiq suvda suzuvchi va suv oldi qushlarini jalb etadi. Bu esa ushbu hududda ilmiy-tadqiqot faoliyatni olib borish uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi. Akvatoriya suvlarida baliqlarning 22 turi, sudralib yuruvchilarning 7 turi yashaydi.

 

Mazkur Konvensiya yashash areallari nafaqat bir davlat hududida joylashgan, balki uya qurish, uchib o‘tish, qishlash areallari turli davlatlar chegarasida joylashgan qush turlari, shuningdek, Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan, hayotining ma’lum qismida respublikamiz hududida yashovchi qush turlarini ham muhofazalashda muhim o‘rin tutadi.

 

Respublikamizdagi Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan ko‘llardan oqilona foydalanish samaradorligini yanada oshirish va umuman Konvensiya talablarini to‘laqonli bajarishda suv-botqoq ekotizimlari kadastri va monitoringiga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni bajarish muhim o‘rin tutadi. Aytish joiz, o‘simlik va hayvonot dunyosi davlat kadastrini yuritish uchun 2022 yil davlat budjetidan 3,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ham xalqaro konvensiya doirasida olingan majburiyatlarni amalga oshirish imkonini beradi.

 

Ramsar ro‘yxatiga kirgan suv havzalariga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maqomini berish va bu yerlarda qo‘nim topgan turlarning ko‘payishi uchun qulaylik yaratish maqsadida turli biotexnik tadbirlarni o‘tkazish ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Yurtimizdagi asosiy suv manbalari transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lgan Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari bilan uzviy bog‘liq. Ichki ko‘llar suv sathidagi o‘zgarishlar ham mazkur daryolarning yillik suv hajmi bilan uzviy bog‘liqligini hisobga olsak, bu masalaning o‘ta dolzarbligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

 

Alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda Ramsar konvensiyasiga muvofiq keluvchi hududlarni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda qariyb 1 million gektar maydonni egallagan 500 ta ko‘lning mavjudligi kelgusida ularni Ramsar ro‘yxatiga kiritish imkonini yaratadi.

 

Ramsar Konvensiyasi talablaridan kelib chiqqan holda suvli-botqoqli hududlarni boshqarish rejasini ishlab chiqish va uni izchil amalga oshirish, suv havzalaridan xo‘jalik faoliyatida foydalanishda tabiatni muhofaza qilish normalariga qat’iy rioya etish, ekologik turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan parlament va jamoatchilik nazoratini yuritish bu borada faoliyatning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Zero, suv ob’ektlaridagi ekologik barqarorlikni kelgusi avlodlar uchun saqlab qolish uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.

 

Islom XUSHVAQTOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi

 

 

birds birds