calendar 03 Fevral 12:50

Avlodlarimiz bizdan keyin munosib tabiiy muhitda yashashi kerak!

Joriy yil 2 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektori bo‘lib o‘tdi.

 

Atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan ushbu selektorda bir qancha muhim vazifalarga to‘xtaldi. Xususan, yig‘ilishda eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish ekanligi ta’kidlandi.  Aytish joizki,  har bir ekologik muammoning kelib chiqishiga ekologik bilimning yetishmasligi va ekologik madaniyatning pastligi sabab ekanligi barchamizga ma’lum. Ekologik ong va madaniyatni shakllantirishning negizi esa oiladagi tarbiya va ta’lim muassasalariga bevosita bog‘liq. Ekologik madaniyat bir nechta omillar asosida shakllanadi. Tabiatga muhabbat, tabiat haqidagi bilim va tasavvurlar, ekologik  tarbiya, an’ana va qadriyatlar, ekologik targ‘ibot shular jumlasidandir. Tabiatga mehr-muhabbat har bir insonning qonida mavjud. Chunki, inson tabiat farzandi. U ona qornidayoq tabiat ne’matlaridan bahramand bo‘ladi - nafas oladi, oziqlanadi. Tug‘ilganidan so‘ng tabiatga yanada yaqinroq bo‘ladi - gullarni, kapalaklarni, quyosh shu’lasini ko‘rib quvonadi, ranglardan zavq oladi. Tabiatga mehr inson ko‘nglida rahm-shafqat va hayrat tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Fuqarolarimizning ekologik madaniyatini shakllantirish bugungi kunda dolzarb masala ekan, biz avvalo atrof-muhit, uni asrab- avaylash tushunchalarini yoshlikdan o‘rgatib borishimiz zarur. Barchamizga ma’lumki, inson aqlining rivojlanishiga e’tibor bersak, 3-4 yoshigacha bola malumotning 50 foizini, 4-8 yoshigacha 30 foizini, 8-17 yoshida esa 20  foizini qabul qiladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ekologik tarbiyani maktabgacha ta’limdan boshlab, uzluksiz ta’limda davom ettirish lozim.

 

Shuningdek prezidentimiz tomonidan chiqindilar muammosi ham ko‘tarilib, “Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas bo‘lsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz?” degan savol berildi. Bizning mamlakatimiz o‘zining boy tarixi va go‘zal manzarasi bilan dunyo xalqlarini jalb qilib kelgan. Ayniqsa viloyatimiz Ko‘hna Buxoro turistik maskan ekanligi uchun jahonning turli mamlakatlaridan insoniyat tashrifi kuzatiladi. Endi o‘ylab qo‘raylik, tarixan eng jozibali viloyatimizda, qolaversa, butun mamlakatimizda chiqindi muammosining uchrashi, xalqaro obro‘yimizga putur yetkazmaydimi? So‘nggi yillarda mamlakatimizda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish, munosib yashash sharoitlarini yaratish, respublikada sanitariya va ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan Buxoro viloyatida Buxoro viloyatidagi mavjud 544 ta mahallalardan 542 tasi, ya’ni 99,6 foizi sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olindi. Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 42,8 foizga yetkazildi.

 

Sanitar va ekologik talablariga javob bermaydigan 13 ta maishiy chiqindi poligonlarida 31,45 gektar yer maydonlari rekultivatsiya qilindi.

 

“Toza hudud” DUKlarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 17 ta maxsus texnika va 9 ta chiqindi konteynerlari xarid qilinib, foydalanishga topshirildi. Tinimsiz sa’y-harakatlarga qaramasdan duch kelgan joyda chiqindining uchrashi sababi nimada? - Afsuski, yana ekologik madaniyatga urg‘u bermasak bo‘lmaydi. Bugungi kunda ekologik madaniyatni oshirishda ommaviy axborot vositalari orqali, mahalla, ma’naviyat, tabiatni himoya qilish faollari tomonidan olib boriladigan targ‘ibot va tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhim. Bu borada 2022-yilda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat partiya tashkiloti aholi o‘rtasida dolzarb bo‘lgan sohalarda o‘zining targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng miqyosida olib borishni ekologik madaniyat, bilim va ko‘nikmalarni viloyatning chekka hududlarigacha olib borishni rejalashtirgan.

 

Shuningdek yig‘ilish kun tartibidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi o‘rin egallab, bu boradagi navbatdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:

 

- bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekishni samarali tashkil etish;

 

- har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish;

 

- “daftarlar”ga kirgan, ko‘chat ekish bo‘yicha tajribasi bor aholiga ko‘chatxonalar tashkil etish va zarur texnika, sifatli nihollar va urug‘lar xarid qilish, ko‘chatlar yetishtirish uchun subsidiyalar ajratish;

 

- ko‘chatlarni yetkazib berishda ochiq-oshkoralikni ta’minlagan holda, ularning narxi asossiz oshib ketmasligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;

 

- kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish;

 

- xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llarning chetlariga 1,5 million dona daraxtdan ixotazorlar tashkil etish;

 

-1 martdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi belgilab berildi.

 

Buxoro viloyatida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida salmoqli ishlar olib borildi. Jumladan loyiha doirasida 7017,0 ming. dona manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi va reja 125,0 foizga bajarildi, masalan Qorovulbozor tumanida 357,2 ming. dona, Shofirkon tumanida 480,6 ming. dona, G‘ijduvon tumanida 633,9 ming.dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

 

Viloyatning barcha tumanlari hududida 70,85 gektar maydonda yashil bog‘lar, jamoat parklari tashkil qilish maqsadida yer maydonlari ajratildi. Jumladan, Qorako‘l tumani “Qorako‘l” MFY hududida “Yashil jamoat parki” tashkil etish uchun ajratilgan 3 gektar yer maydonda 1000 tupdan ortiq xorijiy davlalardan keltirilgan qimmatbaho daraxt ko‘chatlari ekilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bir turdagi daraxt ko‘chatlar ekilgan 13 ta namunaviy ko‘chalar tashkil etildi.

 

Ta’kidlash joiz, bu ishlarning amaliy davomi sifatida Buxoro viloyatida ham 1 martdan boshlab daraxt va butalar ekish boshlab yuboriladi. Ushbu  umummilliy harakatning ahamiyati cho‘l hududida joylashgan Buxoro viloyati uchun benihoya katta. Viloyatimizda daraxt va butalardan, o‘simliklardan himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish havoga ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirini kamaytirish, global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, Orol dengizi qurishining aholi hayot faoliyatiga salbiy ta’sirini yumshatishda muhim omil bo‘lib hisoblanadi.

 

Shunday ekan barcha fuqarolarimizni kelajak avlodning yaxshi muhitda yashashiga zamin yaratib beruvchi, biz uchun muhim bo‘lgan jarayonda faol qatnashishga, o‘zining ko‘chasi va mahallasini obod qilishda faol ishtirok etishga chorlab qolamiz!

 

 

S.Siddiqova,

Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati,

 O‘zbekiston Ekologik partiyasi

 Buxoro viloyat partiya tashkiloti raisi

 

 

birds birds