calendar 11 Noyabr 05:59

O‘zbekiston Glazgoda BMTning iqlim bo‘yicha sammitida milliy bayonot bilan chiqdi

9 noyabr kuni BMT doiraviy konvensiyasiga a’zo mamlakatlarning XXVI sessiyasidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yurtimiz nomidan milliy bayonotni o‘qib eshittirdi.

 

Bosh vazir o‘rinbosari o‘z nutqida iqlimning o‘zgarishi zamonamizning turmush sifatiga bevosita ta’sir qiluvchi eng asosiy chaqiriqlaridan biri ekanini ta’kidladi.

 

«Bugunga kelib iqlim o‘zgarishlarining asoratlari global xarakter va mislsiz qamrovga ega bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida ham to‘liq namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Orol dengizi fojiasi natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishlari dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar tezroq ro‘y berishi kuzatilmoqda. Salbiy hodisalar qatorida yerlar degradatsiyasi va suv resurslarining qisqarishi kabi muammolarni yanada chuqurlashtiruvchi chang bo‘ronlari chastotasi oshishi hamda geografiyasining kengayishini qayd etish mumkin.

 

Shularning barini anglagan holda O‘zbekistonda «yashil» kun tartibidagi masalalarni ilgari surish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga juda jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida ta’kidlaganidek, bu bizning hozirgi va kelgusi avlod oldidagi insoniy burchimizdir», – dedi A. Abduhakimov.

 

Hozirgi vaqtda milliy miqyosda O‘zbekiston «yashil» iqtisodiyotga o‘tishning kompleks strategiyasi, Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturini faol amalga oshirmoqda. Har yili, jumladan 2021 yilda mamlakatimizda 200 million ko‘chat ekiladi. 2030 yilga borib iqtisodiyotning energosamaradorligi ikki karra oshadi, qayta tiklanuvchi energiyaning ulushi kamida 25 foizni tashkil qiladi.

 

O‘zbekistonning yana bir muhim bayonoti shundan iborat bo‘ldiki, Parij kelishuvi doirasida mamlakatimiz bug‘ gazlari chiqindilarini 2030 yilgacha issiqlik gazlarining atrof-muhitga ajralishini YaIMga nisbatan 35 foizga, 2010 yil ko‘rsatkichlariga qisqartirishga oid qo‘shimcha majburiyatni oladi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston kam uglerodli rivojlanish milliy strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

 

Mintaqaviy darajada O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi hamkorlari bilan qurg‘oqchilik va suv tanqisligi muammolari bilan ko‘rishish, Orol dengizi fojiasi asoratlarini yumshatish va atrofdagi maydonlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qat’iy qarorlar qabul qilmoqda.

 

Ushbu chaqiriqlarga qarshi kurashuvchi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida kelgusi yil Orol bo‘yida, Nukus shahrida BMT shafe’ligida «yashil» energetika bo‘yicha yuqori darajali xalqaro forumni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu hodisa BMT Bosh Assambleyasining shu yilning may oyida tasdiqlangan Orol bo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi Maxsus rezolyusiyasini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi.

 

O‘zbekiston, shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan «Katta yigirmatalik» uchrashuvida erishilgan Bioxilma-xillik bo‘yicha balanslashgan va samarali Global doiradagi dastur qabul qilish borasidagi kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Xalqaro ekologik siyosatning ustuvorliklarini muhokama qilish maqsadida 2023 yilda O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi 6-assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.

 

O‘zbekiston Glazgo sammitida qabul qilingan O‘rmonlar hamda yer maydonlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

 

Tadbir yakunida O‘zbekistonning «yashil» kun tartibiga oid dolzarb masalalarni targ‘ib etish hamda iqlim o‘zgarishi jarayonlariga yo‘l qo‘ymaslik, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda yer kurrasi kelajagi yo‘lida barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyorligi ta’kidlandi.

birds birds