calendar 01 Fevral 05:21

Qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda fraksiya a’zolari bir qator qonun loyihalarini birinchi va ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdi. “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham shular jumlasidandir.

 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, qonun loyihasida jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga loyihada yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mulk huquqining ustuvorligi, xususiy mulkning daxlsizligi, olib qo‘yilgan yer uchastkasidan maqsadli foydalanishi, qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, kompensatsiyaning kafolatlanishi prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

 

Fraksiya a’zolari qonun loyihasidagi ayrim normalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berib, uni qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, qonun loyihalari yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

birds birds