calendar 15 Aprel 11:34

Qarovsiz hayvonlarni vaqtinchalik saqlash joylari sanitariya talablariga javob beradimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining “Hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lishning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish natijalari xaqida”gi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 - yil 15 - martdagi tegishli qarori ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbiri yakunlari yuzasidan qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

Unda parlament quyi palatasi deputatlari, Devoni xodimlari, mutasaddi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

 

Ta’kidlanganidek, yuqoridagi qarorning tegishli bandlari va tavsiyalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlaridan ma’lumotlar olindi va tahlil etildi. Ushbu ma’lumotlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar Toshkent viloyatining tuman va shaharlari misolida Ishchi guruhi tomonidan joylarga chiqqan holda o‘rganildi.

 

Yig‘ilish ishtirokchilarining aytishicha, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari hanuz uchrayotgani jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holatlar asosan Toshkent viloyatining Angren shahri, Olmaliq va Ohangaron tumanlarida kuzatilayotgani ijtimoiy tarmoqlar ob’ekti bo‘lib qolmoqda.

 

Olib borilgan parlament nazorati natijalari qarorning tegishli bandlari va tavsiyalari asosida joylarda mutasaddi davlat organlari hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilganini kuzatish mumkin. Xususan, qaror tavsiyasi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 -yilda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni mustahkamlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan va qabul qilingan.

 

Toshkent viloyatidagi barcha tuman va shaharlardagi obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida “Nazoratsiz hayvonlarni tutish” brigadalari tashkil etilgan bo‘lib, har bir brigadalarga 3 tadan, jami 66 ta shtat birligi ajratilgan. Har bir brigadalar tutilgan hayvonlarni tashish uchun maxsus “Damas” avtotransport vositalari, temir qafaslar, maxsus asbob-anjomlar, kiyim-boshlar va birlamchi tibbiy qutilar bilan ta’minlangan.

 

Shuningdek, boshqarmalarda faoliyat Vazirlar Mahkamasining 2011 - yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomlar asosida tashkil etilgan.

 

Qayd etilganidek, olib borilgan o‘rganishlar qarorning tegishli bandlari va tavsiyalari ijrosini ta’minlashda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hali yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, qarovsiz hayvonlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning sonini nazorat qilish, ular uchun boshpanalar tashkil etish bo‘yicha tegishli hukumat qarorlari va uzoq muddatli istiqboldagi umumdavlat maqsadli dasturlari qabul qilinmagani sababli o‘rganilgan joylarda aniqlangan kamchilik va tizimli muammolar nazoratsiz hayvonlarga nisbatan rahmdil bo‘lishni ta’minlaydigan ularni tutish jarayoni hamda vaqtincha saqlash qoidalarini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini belgilash lozimligini ko‘rsatmoqda.

 

Bunday salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga eng asosiysi sohani tartibga soluvchi yaxlit qonunning, ya’ni qarorda tavsiya etilgan “Hayvonlarni shavqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilmagani sabab bo‘layotir. Chunki hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni mustahkamlanishiga qaramay bu borada huquqbuzarliklar soni yildan-yilga ko‘payib borgan. Xususan, 2019 - yilda 44 ta holatda ma’muriy xuquqbuzarlik holati aniqlangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2020  - yilda – 105, 2021 - yilda – 190, 2022 - yilning birinchi choragida – 89 holatda aniqlangan.

 

O‘rganish jarayonlarida qarovsiz hayvonlarni vaqtinchalik saqlash joylari sanitariya talablariga javob bermasligi, bir kunda tutib keltirilgan yuzlab hayvonlar uchun qafaslar yetishmasligi, natijada turli zot, jins va yoshdagi hayvonlar bitta qafasda tiqib tashlangani kuzatildi.

 

Yig‘ilishda daydi hayvonlarni tutishda brigadalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini o‘tash vaqtida taqiqlangan usullardan foydalanilgani, bu bilan hayvonlarga nisbatan shavqatsizlik munosabatda bo‘lingani qayd etildi. Jumladan, joriy yilda ushbu huquqbuzarlik uchun Angren shahar hayvon ovlovchilari ichki ishlar xodimlari tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilgani ta’kidlandi.

 

Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

https://parliament.gov.uz/

 

birds birds