calendar 26 Mart 09:02

Kelajakni tamakisiz quraylik

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra har yili tamakining zararidan 8 milliondan ortiq odam bu dunyoni tark etarkan. Ha, ko‘zlaringiz adashmadi 8 million. Ushbu o‘lim holatlarining 7 milliondan ziyodi bevosita tamaki chikuvchilar bo‘lib, 1,2 millionga yaqini esa ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lgan chekmaydigan odamlardir.

 

Bu haqda “Ibn Sino” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Tamakisiz kelajak sari!” mavzusidagi seminar-treningda aytib o‘tildi. O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Aholining sog‘lom turmush-tarzi va jismoniy faolligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari ham ishtirok etishdi.

Seminarda mamlakatimizning barcha mintaqalari va Toshkent shahridan yig‘ilgan jurnalist va blogerlar tamakiga qarshi kurashishda O‘zbekiston qonunchiligi va eng yaxshi xalqaro amaliyot, yangi “innovatsion” tamaki va nikotenli mahsulotlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq tahdidlar bilan tanishtirildi.

 

Xabaringiz bo‘lsa, 2021 yil 21 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Alkagol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash to‘g‘risida”gi yangi Qonun qabul qilindi. Ayni paytda ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

 

Qonunning Senat tomonidan ma’qullanishi mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun ahamiyatlidir. Chunki, mazkur qonun bilan alkagol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash bilan bog‘liq bir qator masalalar tartibga solinadi. Bu esa farzandlarimiz va yoshlarimizni “innovatsion” tamaki va nikotenli mahsulotlarni iste’mol qilishdan saqlash, aholi o‘rtasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilinishi darajasini kamaytirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bilan kasallanish va bevaqt o‘limni kamaytirish, millat genafondini himoya qilish imkonini beradi.

Tadbirda tamaki mahsuloti iste’molining inson organizmiga ta’siri, jumladan, nosvoy iste’moli va saraton kasalliklari haqida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi professori Mirzag‘olib Tillashayxov batafsil tushuncha berdi. Professorning aytishicha, nosvoy tarkibidagi zararli moddalar ko‘p hollarda saraton kasalligini chaqirish mumkin. Onkologik kasalliklar bilan murojaat qilgan bemorlarning 30 foizida aynan chekish oqibatida ushbu kasallik rivojlangani ta’kidlandi.

 

Shuningdek, tamakining atrof-muhitga ta’siri, ayniqsa, havoning zaharlanishi oqibatida boshqa shaxslarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi haqida ham so‘z yuritildi. Ma’lumotlarga ko‘ra chekuvchilarni yonidagi odam faol chekuvchilar kabi zararlanadilar. Ota-onasi chekuvchi bolalar  zararlanishi faol chekuvchilarning zararlanishiga nisbatan yuqoridir. Shuning uchun keling kelajagimizni tamakisiz quraylik, zero bugungi avlod har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishga haqlidir.

           

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi matbuot xizmati

 

birds birds