calendar 06 Iyul 13:30

Mobil aloqa xizmatlari uchun aktsiz soligʼi stavkasini tushirish belgilanmoqda

2022 yil 6 iyulь kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʼzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

 

Unda dastlab “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qoʼllanilishini takomillashtirishga qaratilgan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi fraktsiya aʼzolari tomonidan koʼrib chiqildi.

 

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi soliq va bojxona qonunchiligida belgilangan tegishli imtiyoz va majburiyatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Xususan, qonun loyihasida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda farzandlarini tarbiyalanishi va tahsil olishi uchun ota-onalar tomonidan toʼlanadigan oyiga 3 million soʼmgacha boʼlgan toʼlovlar daromad soligʼidan, talabalar tomonidan Oliy taʼlim muassasalari hududida pullik oʼquv kurslari, sport toʼgaraklari va boshqa xizmatlar tashkil etilgan taqdirda, ularni ushbu faoliyat uchun daromad soligʼidan, qishloq joylarda mobil aloqa kompaniyalarining antenna-machta inshootlari va ular egallagan yerlar mulk va yer soligʼidan ozod qilinishi belgilanmoqda.

 

Shuningdek, loyihada mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʼi stavkasini 15 foizdan 10 foizga tushirish, 2027 yil 1 yanvarga qadar mehmonxona obyektlari va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʼlgan savdo komplekslari boʼyicha tadbirkorlik subyektlari uchun mulk va yer soligʼi stavkalarini 90 foizga kamaytirish taklif qilinmoqda. Fraksiya aʼzolari muhokamlardan soʼng qonun loyihasini maʼqulladilar.

 

Shundan soʼng, deputatlar tomonidan “Geografik obyektlarning nomlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Qonuniga qoʼshimchalar va oʼzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʼqishda muhokama qilindi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʼchalar, koʼchalar, maydonlar, bogʼlar, xiyobonlarga) Oʼzbekiston va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini nom sifatida berish mexanizmlarini tartibga solish koʼzda tutilgan.

 

Qonun loyihasida geografik obʼektlarga nom berish va ularning nomlarini oʼzgartirish toʼgʼrisidagi takliflarni tayyorlashda mazkur geografik obyekt joylashgan hududda yashovchi mahalliy aholining fikri hisobga olish belgilanmoqda. Savol-javoblardan soʼng, qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qoʼllab-quvvatlandi

 

Yigʼilishda koʼrib chiqilgan masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

birds birds