calendar 28 Fevral 13:53

“Yashil makon” elektron platformasi ishlab chiqiladi

Bugun Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi kichik majlislar zalida Senatning Orolboʼyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʼmitasi tashabbusi bilan Oʼzbekiston Ekologik partiyasi va Ekoharakat hamkorligida “Yashil makon” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyati, Xorazm tajribasini amalga oshirish mexanizmlariga bagʼishlangan davra suhbati boʼlib oʼtdi.


Davra suhbatida, respublikada 2021 yil kuz faslida 85 mln. donadan ortiq daraxtlar ekilgani va 2022 yil bahorida 105 mln. dona daraxt koʼchatlari ekilishi rejalashtirilayotgani toʼgʼrisida soʼz bordi. 


Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxtlarni manzilli ekishni tashkil etish, ularni parvarish qilish, shu jumladan sugʼorish tizimini qayta koʼrib chiqqan holda, samaradorligini oshirish, har bir daraxtni parvarish qilish uchun masʼullarni belgilash, koʼchatxonalar sonini koʼpaytirish, hududlarda “yashil bogʼlar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish, shuningdek, daraxtlarni muhofaza qilish yoʼnalishida jamoatchilik nazoratini yanada oshirish kabi kompleks chora-tadbirlarni oʼz ichiga oladi. 


Qolaversa, loyiha hududlarda “yashil bogʼlar” va “yashil jamoat parklari” tashkil etish, xiyobonlarda, yoʼllar va koʼchalar chetida, ariqlar hamda boshqa irrigatsiya inshootlari boʼylarida, mahallalar hududlarida, koʼp qavatli uylar oraligʼida, tashkilotlar hududlarida, shuningdek, aholining shaxsiy tomorqalarida daraxtlar va butalarni ekish orqali amalga oshiriladi.


“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar toʼplangan tajribalardan kelib chiqib, Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda viloyatning iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxtlar ekish, ularni parvarish qilish hamda zararkunandalardan himoya qilish tizimini yaratish boʼyicha Xorazm tajribasi Kontseptsiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.

Kontseptsiyada “Yashil makon” umummilliy loyihasini viloyatda amalga oshirishning maqsad va vazifalari, hududning oʼziga xos xususiyatlari va mavjud muammolar, koʼchat yetishtirish, ekish, parvarishlash, muhofaza qilish, shuningdek, yashil maydonlarni kengaytirishga oid kompleks tadbirlar hamda amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish masalalari aks ettirilgan. 


“Yashil makon” loyihasi doirasida daraxt koʼchatlarini ekish va ularni parvarish qilish boʼyicha manzilli dastur va “Yashil makon” elektron platformasi ham ishlab chiqiladi. Shu bilan birga 2022 yilning bahor faslida viloyat hududida 9 mln 56 ming dona manzarali va mevali daraxtlar koʼchatlari hamda qalamchalari ekiladi.

 

Shuningdek, Urganch va Xiva shaharlarini choʼl hududidan keladigan qum va tuzning taʼsiridan saqlash maqsadida “yashil qalqon” tashkil etiladi hamda 2022-2024 yillarda viloyat huududida 124 gektar maydonda 13 ta “yashil bogʼlar” hamda 144 gektar maydonda 25 ta “yashil jamoat parklari” barpo etiladi.


Bundan tashqari umumfoydalanishdagi yoʼllar boʼylariga, qishloq xoʼjaligi yerlarida daraxtlar ekilib, ihotazorlar tashkil etiladi.

Kelgusi yillar uchun viloyatning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, daraxt va buta koʼchatlarini yetishtirish maqsadida 3 ta koʼchatxona (madaniy, choʼl va qirgʼoqboʼyi hududlari uchun) tashkil etish, yaratilgan yashil maydonlardagi koʼchatlarni parvarishlash maqsadida viloyat hokimligi huzurida Аgrologistik markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

 

Tadbirda “Yashil makon” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyatini keng targʼib qilish, aktsiyalarda jamoatchilik ishtirokini taʼminlash, aholi oʼrtasida targʼibot tadbirlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.


 “Yashil makon” umummilliy loyihasini “Xorazm tajribasi” sifatida amalga oshirish boʼyicha Oliy Majlis Senati, qolaversa keng jamoatchilik tomonidan doimiy nazorat olib borilishi alohida qayd etildi.

 

Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Matbuot xizmati

birds birds