calendar 04 Iyul 08:27

Tinchlik va osoyishtalik — eng oliy neʼmat

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini talqin qilishda joylarda turli tushunmovchiliklar paydo boʼlmoqda. Jumladan, loyihada koʼzda tutilgan Qoraqalpogʼiston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirildi. 


Kuni kecha Qoraqalpogʼistonda boʼlib oʼtgan noqonuniy mitinglar sababli Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining "Qoraqalpogʼiston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish toʼgʼrisida"gi Farmoni qabul qilindi. 


Shuningdek, davlatimiz rahbari Qoraqalpogʼistonga tashrif buyurib, Joʼqorgʼi Kenges deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda agar qoraqalpoq xalqi qarshi boʼlsa, Konstitutsiyaning ularga tegishli boʼlgan biror moddasiga oʼzgartirish kiritilmasligini bildirdi. 


Аmmo xalqimizning tinchligi va ikki millatning totuv hayotini buzishga urinayotgan bir guruh provokatorlar tomonidan qoraqalpoq xalqini gij-gijlash holatlari kuzatilmoqda. Bundan ayon boʼldiki, ayrim igʼvogarlarning asl maqsadi Konstitutsiyaning tegishli moddalarini asl holicha qoldirish emas, balki xalqning tinchligini buzish, sarosimaga soldirishdir.


Shu maʼnoda, igʼvogarlarning harakatini cheklash, xalqimizning turmush farovonligini taʼminlash maqsadida Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Qoraqalpogʼiston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustga qadar favqulodda holat joriy etilgani eng toʼgʼri yoʼl boʼldi. 


Qoraqalpoq va oʼzbek xalqi qardosh, birodar xalq. Shu jihatdan, Oʼzbekiston Ekologik partiyasi yurtdoshlarimizdan har qanday provokatsion axborotlarga uchmaslikni, tashqi gʼarazli kuchlar taʼsiriga tushib qolishdan ehtiyot boʼlishni soʼrab qoladi. 

 


Oʼzbekiston Ekologik partiyasi

birds birds