calendar 28 Fevral 04:43

Qum buronlariga qaramay Orolning qurigan hududida ishlar davom etmoqda

Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat’iy davom ettirilishi, dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilishi mintaqada ekologik barqarorlikni saqlab qolishda katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari xalqimizni ertangi kunga bo‘lgan umidini mustahkamlab, yuksak marralar sari ruhlantirmoqda.

Ana shunday ezgu ishlarni davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Orolga madad” mavzusida ekologik aksiya o‘tkazildi.

Aksiya doirasida Orol dengizini qurigan tubidagi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi shtabi hududida saksovul urug‘ini ekish bo‘yicha hayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Mo’ynoq tumani hokimligi,  partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro hammda Xorazm viloyatlari hududiy partiya tashkiloti vakillari ishtirok etishdi.

Aksiya ishtirokchilari Orolning qurigan hududida joylashgan shtabga yetib borishganda kuchli qum buroni ko‘tarildi. Ma’lumot uchun aytish kerak, bunday qum buronlari bu hududda tez-tez kuzatilib turadi. Ana shunday og‘ir sharoit bo‘lishiga qaramasdan mazkur shtabda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ishchi xodimlari matonat bilan mehnat qilishmoqda. 

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan Orolning qurigan tubida ekilgan saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish va o‘rmon barpo etilayotganligi bo‘yicha to‘laqonli ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Nukus shahrida Ekopartiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy partiya tashkiloti Kengashi va faollari bilan uchrashdi.

Shuningdek, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari ishtirokida “Yashil yillik” milliy tadbiri doirasida “Orolga madad” shiori ostida partiya tomonidan o‘tkazilgan hayriya hashari yakunlariga va “Biz kelajak uchun javobgarmiz!” shiori ostida “Dolzarb 15 kunlik” targ‘ibot tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish (zoom orqali) ham bo‘lib o‘tdi.

 

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi matbuot xizmati

birds birds