calendar 27 Oktabr 12:49

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanish darajasi qanday?

Bugungi kunda dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish miqyosini kengaytirish tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Energiya resurslariga bo‘lgan talabning oshayotgani, uglevodorod xomashyosi zaxiralarining kamayib borayotgani yangi muqobil energiya manbalarini topishni va joriy etishni taqozo etmoqda.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, energetika sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratildi

 

Ushbu hujjatlarda yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan va ulardan olingan elektr energiyasini tarmoqqa yetkazib berishning maxsus xarid tarifini (“yashil tarif”) joriy etish belgilandi.

 

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining o‘rtacha yillik miqdori 69-72 mlrd. kVt/soatni tashkil etib, 2030 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 2 barobarga oshirish nazarda tutilmoqda. Energetika sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish natijasida davlat-xususiy sheriklik asosida qiymati 7,4 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan jami 19 ta loyiha amalga oshirilib, shundan bugungi kungacha 12 ta loyiha bo‘yicha tegishli bitimlar imzolangan.

 

Bugungi kunda rivojlangan davlatlar energetika tizimida ishlab chiqarilayotgan energiyaning 40-60 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga to‘g‘ri kelayotgan bir vaqtda, ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizda 5 foizni ham tashkil etmasligi ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni jadallashtirishni taqozo etadi.

 

Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi past darajada ekanligi ma’lum bo‘ldi. Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yuzasidan investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bugungi kunda yetarli darajada emas.

 

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi resurslarni va energiyani tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish dolzarb masalalardan hisoblanadi.

 

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Energetika vaziri A.Sultonovga parlament so‘rovi yuborilgan edi. Kuni kecha mazkur parlament so‘roviga kelgan javobni atroflicha muhokama qildik.

 

Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishcha, yurtimizda qayta tiklanuchi energiya manbalari(QTEM) qurilmalaridan foydalanishni rivojlantirish ekologik muammolarning oldini olish bilan birga, qazilma energiya resurslariga bo‘lgan talab o‘rnini qoplash va yangi iqtisodiy sohani yaratish maqsadlarida olib borilmoqda. Bu borada dunyo tajribasi Xalqaro QTEMni qo‘llab quvvatlovchi tashkilotlar, turli ilmiy nashriyotlar ko‘magida o‘rganilmoqda va tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.

 

Olib borilayotgan ishlar bosqichma bosqich xarakterga ega bo‘lib, dastlab jadal amalga oshirish imkoniyati mavjud bo‘lgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularga misol sifatida sanoat ko‘lamidagi QTEM elektr stansiyalarini keltirish mumkin. QTEMdan foydalanishni respublikamizda rivojlantirishni davom ettirish uchun mavjud huquqiy asoslarni takomillashtirish, texnik normativ tartibga solish hujjatlarini mukammallashtirish, strategiya va metodikalarni ishlab chiqish, ilmiy-texnik va kadrlar tayyorgarligini oshirish, shuningdek institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi.

 

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari turli iqtisodiy darajadagi davlatlarda turlicha miqdordagi energiya ulushlarini tashkil etadi. 2020 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori dunyo bo‘yicha o‘rtacha 29 foizni tashkil etgan. QTEMlar yuqori darajada foydalanilayotgan davlatlarda asosan gidroenergiyadan foydalanish katta ulushga ega va ayrim davlatlarda bu nisbatan 100 foiz QTEMdan foydalanish deb baholanadi.

 

Yana bir misol sifatida dengiz bo‘yida joylashgan doimiy shamol oqimlariga ega davlatlarda shamol energiyasidan foydalanilishi yuqori darajaga yetganligini keltirish mumkin. Shuningdek, Islandiya va olov halqasida joylashgan hududlarda geotermal energiyadan foydalanish yuqori natijadorlikka ega bo‘ladi. Bundan QTEMlarning tabiatda mavjudligidan kelib chiqib, ularni rivojlantirish mumkinligini ko‘rish mumkin. Mamlakatimizda mavsumiy gidroenergetika resurslari miqdori o‘zgarishi sabab, QTEM ulushi yillar bo‘yicha farq qiladi. 2019 yilda gidro elektr stansiyalardan ishlab chiqarilgan QTEM miqdori umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarilishining 10 foizini tashkil etdi.

 

QTEMdan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ulushini 2030 yilga qadar 25 foizdan ziyodroqqa yetkazish maqsad qilib olingan. QTEM ulushini oshirish yagona energetika tizimini ularni qabul qiloladigan darajaga o‘zgartirish bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlar, xususan, yangi elektr tarmoqlari qurilishi va eskilarini yangilanishi, energetika tizimini raqamlashtirish, moslashuvchan energiya manbalarini qurish va eski issiqlik elektr stansiyalari portfelini yangilash, Markaziy Osiyo mintaqaviy energetika tizimlarini muvofiqlashtirish va kadrlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish kabi ishlar bilan bir vaqtda bajarilmoqda.

 

Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasi”ga binoan 5 GVt quyosh fotoelektr va 3 GVt shamol elektr stansiyalari qurilishini amalga oshirish orqali sanoat ko‘lamidagi QTEM elektr stansiyalari miqdorini oshirish maqsad qilingan.

 

Energiyani ishlab chiqarish, etkazib berish va iste’mol qilishda samarali texnologiyalardan foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik va energiyadan foydalanish odatlarini boshqarish orqali energetika tizimidagi yuklamalarini, xususan infrastrukturaga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish mumkin.

 

Amalda O‘zbekiston energetikasiga investisiyalar kiritish istagida bo‘lgan xorijiy va mahalliy investorlarda qiziqishlari mavjud. Shu boisdan sanoat ko‘lamida QTEM elektr stansiyalari qurish loyihalari tanlovida qatnashuvchilar soni ortgan. Misol uchun, Qorao‘zak tumanida 100 MVt shamol elektr stansiyasi qurish loyihasiga 70 ta kompaniya qatnashishga hujjat topshirgan, Sherobod quyosh fotoelektr stansiyasida qurish tanlovida qatnashish uchun 54 ta kompaniya va konsorsiumlardan hujjatlar qabul qilingan.

 

Shuningdek, energiya samaradorlik va kichik hajmdagi QTEM loyihalariga ham sarmoya qilish istagida bo‘lganlar soni ham ortmoqda. Biroq, elektr energiyasining sotish narxi va xususan sotib olish tarifi ushbu loyihalardan manfaatdorlikni kamaytirmoqda. Shu boisdan hozirda Energetika vazirligi tomonidan Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining texnik ko‘magida “Economic Consulting Associates Limited” kompaniyasi bilan yangi tarif metodikasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

 

Yana bir muhim masala. Davlat-xususiy sheriklik asosida QTEM elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirishda Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilinmoqda. Moliya institutlari QTEM elektr stansiyalari tanlovlarining shaffofligini ta’minlagan holda o‘tkazishga imkon qadar texnik ko‘mak berib kelmoqda. Bu investisiya loyihasini jozibadorligini oshirib, investorlarning loyihaga bo‘lgan qiziqishlarini orshirmoqda. Tanlov jarayonlarining tartibli va shaffof o‘tkazilishi investorlarga tanlovda ishonch bilan qatnashishlariga imkon yaratmoqda.

 

2019 yilda Xalqaro moliya korporasiyasining (XMK) texnik ko‘magida o‘tkazilgan ilk sanoat ko‘lamidagi QTEM elektr stansiyasi qurilish loyihasi (Solar scaling 1) tanlovida “Abu Dhabi future energy company - Masdar” g‘olib bo‘lgan. Masdar tomonidan Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi (QFES) qurilishi oxirgi bosqichlarda bo‘lib, 2021 yil 27 avgustidan yagona energetika tizimiga yashil energiya etkazib berishni boshlagan. Ushbu QFES dastlabki yildan boshlab yiliga 260 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu O‘zbekistonda 80 million metr kub tabiiy gaz sarf qilgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga ekvivalentdir. Loyiha qurilishi davomida 70 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investisiya jalb qilingan.

 

Shuningdek, XMK bilan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani va Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida QFES qurish loyihasi uchun o‘tkazilgan tanlovlar yakunlanib, g‘olib bilan shartnomalar imzolandi. Bunda, G‘olib “Masdar”kompaniyasi Samarqand va Jizzax viloyatlarida xar biri 220 MVt quvvatga ega bo‘lgan, QFESlar quradi. Kompaniya tomonidan rekord darajada past bo‘lgan 1 kVt.soat elektr energiyasi uchun o‘rtacha 1,6 AQSh sent tarif miqdori taklif etilgan.

 

Joriy yil Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida QFES qurish loyihasi tanlovida ham “Masdar” tomonidan eng raqobatbardosh tarif taklif etilib, ushbu kompaniya g‘olib bo‘ldi. Mazkur g‘olib kompaniya Surxondaryoda quvvati 457 MVt bo‘lgan QFES qurib, yagona energetika tizimiga yashil energiya etkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

 

Joriy yil avgust oyida XMK bilan Buxoro viloyatida 250 MVt, Namangan viloyatida 150 MVt va Xorazm vilyatida 100 MVt QFES qurish loyihasi tanlovlari e’lon qilindi. Hozirgi vaqtda OTB bilan Qashqadaryo viloyatida 300 MVt va Farg‘ona viloyatida 100 MVt QFES qurish loyihasi uchun tanlov oldi o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

 

Shamol elektr stansiyalari (ShES) loyihalari tanlovlari Evropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. ShES qurish loyihasining birinchi fazasi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorauzak tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan ilk ShES qurish loyihasi tanlovining g‘olibini e’lon qilish joriy yil 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tariflar taklifini e’lon qilishda g‘olib ma’lum bo‘ldi. G‘olib tanlov ishtirokchisining moliyaviy ma’lumotlari qayta tekshirilganidan so‘ng g‘olib rasman e’lon qilinadi. Ushbu loyiha ishga tushganda yiliga 350 million kVt.soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

 

Qizg‘in o‘tgan majlisda parlament so‘roviga yuborilgan javob ma’lumot uchun qabul qilindi.

 

Nosirjon AMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

birds birds