calendar 06 Iyul 14:25

Konstitutsiyaviy islohotlar – atrof muhitni muhofaza qilishning yangi bosqichi

Bugungi kunda insonning qulay atrof muhitga ega boʼlish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ularni huquqiy jihatdan muhofaza qilish, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, odamlarning salomatligi va iqtisodiy turmush tarzini yanada yaxshilash hamda aholi oʼrtasida ekologik huquqiy taʼlim-tarbiyani zamonaviy andozalar asosida tashkil etish muhim ahamiyat kasb etib, butun dunyoda dolzarb vazifaga aylanganligi sir emas.


Prezidentimizning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʼishlangan Oliy Majlis palatalari qoʼshma majlisidagi nutqida hamda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan xalqimizga bayram tabrigida konstitutsiyaviy islohotning asosiy yoʼnalishlarini taʼkidlab oʼtdi.


Prezidentimiz tomonidan Konstitutsiyaga maxsus ekologik qoidalar, global iqlim oʼzgarishlariga tegishli huquqiy meʼyorlarni kiritish tashabbusi ilgari surildi.


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar har bir fuqaro uchun tinch va xavfsiz hayotni, huquq va erkinliklari taʼminlanishini, munosib turmush sharoiti manzilli ijtimoiy himoya hamda sogʼlom ekologik muhit taʼminlanishini anglatadi.


Taʼkidlash joizki, Bosh Qomusimizda ekologik masalalar yetarli darajada tartibga solinmagan. Davlatning atrof muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʼyicha majburiyatlari konstitutsiyaviy jihatdan belgilanmagan.


Davlatimiz rahbari “Insonning kamol topishi, farovon hayot kechirishida qulay va xavfsiz atrof-muhit, ekologiyaning ahamiyati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz. Tabiatdagi global iqlim oʼzgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bogʼliq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlikni gʼoyat dolzarb masalaga aylantirdi. Shu bois Konstitutsiyamizda ushbu yoʼnalishga doir ekologik-huquqiy normalar oʼz ifodasini topishi lozim” deb taʼkidlangan edi.


Darhaqiqat, mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xavf solayotgan atrof muhitning asosiy muammolari qatorida ozon qatlamining yemirilishi, iqlim oʼzgarishi, yerlarning choʼllanishi va degradatsiyasi, suv resurslarining kamayishi va atmosfera havosi ifloslanishini koʼrsatish mumkin. 


Taʼkidlash joizki, bugungi kunda atrof muhitni muhofaza qilish boʼyicha Bosh qomusimizda belgilangan normalar takomillashtirish boʼyicha xalqimiz va keng jamoatchilik takliflari inobatga olindi.


Hozirgi kunda keng umumxalq muhokamasiga qoʼyilgan “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasida Konstitutsiyaning  40-moddasida davlat barqaror rivojlanish printsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʼyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilash nazarda tutilgan. 


Mazkur taklif etilayotgan qoʼshimchalar 2030 yilgacha boʼlgan davrda Oʼzbekiston Respublikasining Аtrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasining maqsadlari va vazifalari ijrosining konstitutsiyaviy darajada kafolatini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, atrof muhitni muhofaza qilishda davlat oldida turgan vazifalarni konstitutsiya darajasida belgilab beradi.


Shuningdek, qonun loyihasida davlat Orolboʼyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʼyicha zarur choralar koʼrish majburiyatini nazarda tutuvchi normani Konstitutsiyaga kiritish taklif etilmoqda. 


Qayd etish joizki, mazkur yangi norma Orolboʼyi mintaqasidagi ekologik tizimni himoya qilish va tiklash, ushbu hududni barqaror ijtimoiy, iqtisodiy rivojlantirishning muhim huquqiy asosini yaratadi.


Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda har bir shaxs sogʼlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʼlish hamda oʼz sogʼligʼiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʼrni qoplanish huquqi konstitutsiya bilan kafolatlanmoqda.


Xulosa oʼrnida aytish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar barcha sohalar kabi insonning ekologik huquqlarini va ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni asrab-avaylashga konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

 


Diyora Sharipova
Oʼzbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi Ijroiya qoʼmiatsi
boʼlim boshligʼi

birds birds