calendar 16 Mart 07:16

Ekologik barqarorlik – taraqqiyotimiz kafolati

Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biriga aylanib, sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

 

Buni, 2022-2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasida  “Аholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish”, “Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish”, “Oʼrmonlar maydonini kengaytirish” maqsadlarini oʼz ichiga olgan alohida “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” yoʼnalishining belgilanganidan ham bilish mumkin.

 

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan mazkur sohada ilgari surilayotgan konstruktiv takliflar hamda tashabbuslar nafaqat mamlakatimizda balki xalqaro jamoatchilik tomonidan ham katta qiziqish bildirilib, eʼtirof etilmoqda.

 

Jumladan, 2018 yil 27 noyabrda BMTning Bosh Аssambleyasi tomonidan tashkil etilgan 73-sessiyasi doirasida BMTning Orolboʼyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʼyicha koʼpsheriklik Trast fondini ishga tushirishga doir oliy darajadagi tadbir oʼtkazildi va ushbu fond oʼz faoliyatini boshladi. BMT Bosh Аssambleyasi 75-sessiyasining 2021 yil 18 may kuni oʼtkazilgan yalpi majlisida mintaqa kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega hujjat, yaʼni Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʼgʼrisidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

 

Hozirgi kunda Orolboʼyi hududida maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash boʼyicha davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “yoʼl xaritasi”ga muvofiq, jami 2 trillion 120 milliard soʼmdan ortiq, 22 million АQSh dollari va 6 million yevro mablagʼlar sarflanishi moʼljallangan 71 banddan iborat chora-tadbirlar hamda 65 ta ustuvor innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Shuningdek, yurtboshimiz tashabbusi bilan Orol dengizi fojeasi oqibatlarini yumshatish, Orolning qurigan tubida oʼrmonlashtirish ishlarini amalga oshirish, Orolboʼyi hududi aholisi farovonligini oshirish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Birgina misol, soʼnggi 40 yil davomida Orolning qurigan tubida qariyb 400 ming gektarda oʼrmonzor tashkil etilgan boʼlsa, 2018 yilning dekabrь oyidan hozirgi kunga qadar Orolning qurigan tubida 1 million 600 ming gektardan ortiq maydonga saksovul, cherkes va boshqa shoʼrga va qurgʼoqchilikka chidamli oʼsimlik urugʼlari sepildi va koʼchatlari ekildi. Ushbu hududlarda choʼl oʼsimliklaridan “yashil qoplamalar” - himoya oʼrmonzorlari barpo etish ishlarini olib borilishi oʼz navbatida Orol dengizining suvi qurigan tubidan koʼtarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy taʼsirini kamaytirish, global iqlim oʼzgarishlari va Orol dengizi qurishining qishloq xoʼjaligi rivojlanishi hamda aholining hayoti va faoliyatiga salbiy taʼsirini yanada yumshatish imkonini beradi.

 

Mintaqadagi yana bir ekologik muammo hisoblangan suv resurslarining taqchilligining oldini olish borasida ham mamlakatimizda aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, birgina 2021 yilning oʼzida 433 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan boʼlsa, 2022 yilda 478 ming gektarda shunday texnologiyalar joriy etish hisobiga 534 mln. kub metr suvni iqtisod qilish belgilangan. Bu oʼz navbatida, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bir qatorda yetishtirilayotgan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari tannarxining pasayishiga xizmat qiladi. Taraqqiyot strategiyasining 145-bandiga muvofiq, shunday innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish hamda suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga joriy yilda kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish nazarda tutilgan.

 

Ekologik muammolarning yechimlaridan biri hisoblangan “yashil iqtisodiyot”ga oʼtish boʼyicha mamlakatimizda muhim qadamlar tashlandi. “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʼgʼrisida”gi Qonuni qabul qilindi, 2019-2030 yillar davrida Oʼzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʼtish strategiyasi tasdiqlandi.

 

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim oʼrin tutuvchi “yashil iqtisodiyot”, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʼjaligi tamoyillarini amaliyotga joriy etish boʼyicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Oʼtgan yili Navoiy viloyati Karmana tumanida ishga tushirilgan loyiha qiymati 110 million АQSh dollari, quvvati 100 megavatt boʼlgan quyosh fotoelektr stantsiyasi Yangi Oʼzbekiston energetika tizimidagi birinchi ulkan qadam boʼldi. Yiliga 252 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mazkur fotoelektr stantsiya 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiya bilan taʼminlash imkonini berishi bilan bir qatorda 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna issiqxona gazlari chiqishining oldi olinadi.

 

Davlatimiz rahbari Qoraqalpogʼiston Respublikasiga tashrif buyurgan chogʼida loyiha qiymati 108 million АQSh dollari, quvvati 100 MVt boʼlgan yangi shamol elektr stantsiyasiga tamal toshi qoʼydi. Yillik quvvati 360 million kilovatt-soat boʼlgan shamol elektr stantsiyasi ishga tushgach, 110 ming xonadonni qoʼshimcha elektr energiyasi bilan taʼminlash mumkin boʼladi hamda yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

 

Umuman olganda, 2026 yilga borib Oʼzbekistonda quyosh va shamol elektr stantsiyalarining umumiy quvvatini 8000 MVtga yetkazish koʼzda tutilmoqda. Bu oʼz navbatida yiliga 7 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejash hisobiga atmosferaga 12 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari chiqishining oldini olish imkonini beradi.

 

Yaqin besh yil davomida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini umumiy energiya balansida uch barobar koʼpaytirilishi mamlakatimiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyaga boʼlgan ehtiyojini taʼminlashni yanada yaxshilanishiga imkoniyat yaratish bilan bir qatorda mintaqada energetik barqarorlikni taʼminlashga hamda respublikamizning Iqlim oʼzgarishlari boʼyicha Parij bitimi doirasida olgan majburiyatlarni ijrosini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishda ekologik toza transport vositalari miqdorini oshirish, yoqilgʼi sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada ham mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Toshkent shahrida elektrobuslarning harakati yoʼlga qoʼyilganligi ham bunga yaqqol misol boʼladi.

 

Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keng koʼlamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keyingi besh yilda 1 mlrd. daraxt va buta koʼchatlarining ekilishi ham shaharlarimizga, mahallalarimizga fayz bagʼishlovchi yashillikka burkangan yangi yashil hududlar barpo etilishi bilan birga, yurtimiz iqlimini moʼʼtadil saqlashga, pirovardida ona tabiatimizni asrash, aholimiz salomatligini yaxshilash, xalqimizning farovonligini taʼminlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Shu bilan birgalikda bunday ezgu, xayrli ishlarning amalga oshirilishi 2021 yil noyabrь oyida kuzatilgan qum boʼronlarini oldini olishda ham muhim ahamiyatga ega ekanligini unutmasligimiz lozim.

 

Muxtasar qilib aytganda, mavjud ekologik muammolarni bartaraf etishda ekologik innovatsiyalarni joriy etish, ekologik toza, energiya samarador va resurstejamkor loyihalarni amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot”ga amaliyotga tadbiq etish mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash, tabiiy resurslarni tejash imkonini berish bilan bir qatorda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlanishiga, bu esa aholimiz farovonligini yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

 

Xayrullo GʼАFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʼrinbosari,

Oʼzbekiston Ekologik partiyasi fraktsiyasi rahbari

birds birds