calendar 20 Oktabr 15:25

Saylovoldi uchrashuvi Olmaliqda bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov saylovchilar bilan uchrashish uchun Toshkent viloyati Olmaliq shahrida bo‘ldi.

 

Uchrashuvni Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali "Konchilik ishi” kafedrasi dotsenti Adham Hasanov kirish so‘zi bilan ochdi.

Shundan so‘ng nomzodning viloyat bo‘yicha ishonchli vakili Nosirjon Aminov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning tarjimai holi va faoliyati bilan tanishtirib o‘tdi.

Uchrashuvda Narzullo Oblomurodov o‘zining saylovoldi dasturidagi g‘oya va tashabbuslar bilan saylovchilarni tanishtirdi. Jumladan, nomzod qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanishiga erishish, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik ta’lim-tarbiya, ekologik madaniyatni rivojlantirish, sanoat korxonalarining atmosferaga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari kabi muhim masalalar haqida so‘zladi.

Shuningdek, nomzodning dasturiga munosabat bildirish uchun “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hadicha Achilova va “Olmalik KMK” AJ Yoshlik Kon boshqarmasi ustasi Azamat Mavlonov ham so‘zga chiqdi va o‘z munosabatini bildirdi. Tadbirda ishtirok etgan saylovchilar nomzodning saylov oldi dasturidagi barcha yo‘nalishlar, ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kunda nafaqat yurtimiz uchun , balki butun dunyo ahli uchun ham dolzarb bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga olganligini ta’kidlab o‘tishdi. Ishtirokchilar saylovlarda faollik bilan o‘z fuqarolik burchlarini ado etishlarini bildirishdi.

Uchrashuvdan so‘ng nomzod Narzullo Oblomurodov an’anaga ko‘ra "Metallurg" madaniyat saroyi hovlisiga daraxt ko‘chati o‘tqazdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

 

birds birds