calendar 06 Fevral 16:28

Qibray tumanida “Yashil yillik” umummilliy loyihasi doirasida 250 tup daraxt ekildi

Xabaringiz bor, yaqinda davlatimiz rahbari raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda prezidentimiz mamlakatimizda yashil hududlarni ko‘paytirish, har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan daraxt ko‘chatlarini ekish, ularni parvarishiga ham alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab, joriy yilning 1 martidan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilgandi.

 

“Yashil yillik” umummilliy loyhasi doirasida bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekishni samarali tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

 

Fevral oyining dastlabki besh kunligi iliq kelganligi va ko‘chat ekish uchun qulay sharoitdan foydalanib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda daraxt ekish tadbirlarini boshlab yubordi.

Jumladan, 5 fevral kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida O‘zbekiston Ekologik partiyasining Toshkent viloyati partiya tashkiloti, Qibray tuman hokimligi, Suvoqova, “Toza hudud” DUK, Obodonlashtirish bo‘limlari bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Kuchat ekib bog‘ yarataylik” shiori ostida daraxt ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida 250 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

 

Aksiyada yurtimizda daraxt ekish ishlarini kengaytirish, “Yashil makon” umumilliy loyihasini yanada keng tadbiq etish, daraxt turlarini ko‘paytirish masallalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shu bilan bir qatorda, hasharning mantiqiy davomi sifatida mahalliy aholiga ekologik madaniyatni rivojlantirish, atrof-muhitni hamda daraxtlarni asrash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, Toshkent shahrining Sergeli tumanida ham tuman partiya tashkiloti tashabbusi bilan daraxt ekish aksiyasi o‘tkazilib, unda 100 tupdan ziyod mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi daraxt ekish ishlari davom etadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati

birds birds