calendar 13 Aprel 08:26

Yashil hududlarni asrash uchun jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumani, 5-mavzesidagi 65 va 75-ko‘p qavatli uylar oldida qurilish ishlarini olib borish uchun o‘ralgan hudud oldida fuqarolarning noroziligi aks etgan video tarqaldi. Videolavhada aholi yashil hududning yo‘q qilinib,  daraxtlarning kesilayotganidan e’tiroz bildirgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududda bolalar bog‘chasi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib,  atrofini  tunuka devorlar bilan o‘rash ishlari olib borilgan. Bu esa aholining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ammo noqonuniy daraxt kesish holatlari kuzatilmagan.

 

Xabaringiz bor, bugungi kunda dalvatimiz rahbari tomonidan yashil hududlarni ko‘paytirish, mamlakatimizdagi ekologik holatni yaxshilash maqsadida keng ko‘lamda “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari o‘tkazilmoqda. Prezidentimizning xayrli tashabbuslari boshlangan ushbu tadbirni bahor mavsumida 125 mln. tup daraxt ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lib, bularning bari mamlakatimizdagi ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

 

Prezidentimiz tomonidan yashil hududlarni ko‘paytirishga e’tibor qaratilayotgan bir paytda daraxtlarni kesish va yashil hududlarni yo‘q qilishga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti bu kabi holatlarni qayta takrorlanmasligi uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi.

 

Ma’lumot uchun, Yunusobod tumani, 5-mavzesidagi 65 va 75-ko‘p qavatli uylar oldidagi hududni o‘rab turgan temir bo‘laklari olib tashlangan.

 

Sevara Fayzieva

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Toshkent shahar partiya tashkiloti raisi

birds birds