calendar 04 Avgust 05:08

Ekologik barqarorlikni ta’minlashning huquqiy asosi

Fan va texnologiyalar taraqqiyoti yuksak cho‘qqiga chiqqan bugungi davrimizda ko‘plab ekotizimlar zaxirasi tugab borayotgani, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish kabi ekologik muammolar kuchayayotgani ertangi taraqqiyotga jiddiy raxna solmoqda. Shu bois atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish har qachongidan ham dolzarb vazifaga aylandi.

Mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichida bunday global ekologik muammolarning oldini olish, barqaror rivojlanishga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi yillarda sohaga oid yigirmaga yaqin qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga kompleks yondashish, aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Prezidentimiz tomonidan bu yo‘nalishda ilgari surilayotgan konstruktiv taklif va tashabbuslar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondining tashkil etilishi, Orol dengizi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyaning qabul qilinishi shular jumlasidan.

Hozirgi kunda Orolbo‘yi hududida maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha jami 2 trillion 120 milliard so‘mdan ortiq, 22 million AQSH dollari va 6 million yevro qiymatidagi mablag‘ sarflanishi mo‘ljallangan 71 banddan iborat chora-tadbirlar hamda 65 ta ustuvor innovasion loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi 30 yilda Orolning qurigan tubida qariyb 400 ming gektarda o‘rmonzor tashkil etilgan bo‘lsa, 2018-yilning dekabr oyidan ayni vaqtga qadar 1,7 million gektardan ortiq maydonga saksovul, cherkes kabi sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik urug‘lari sepildi, ko‘chatlari ekildi.

Shuningdek, mintaqamizda suv resurslari taqchilligining oldini olish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yilda 433 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, so‘nggi besh yilda bunday texnologiyalar joriy etilgan maydon 642 ming gektarga yetkazildi. Bu orqali birgina 2021-yilda 2,3 milliard kub metrdan ortiq suv resurslari tejaldi.

Mamlakatimiz aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash davlat siyosati darajasiga olib chiqilishi natijasida so‘nggi besh yilda 6,5 million aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suv bilan ta’minlanib, aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 70 foizga yetkazildi. 2026-yilga qadar bu ko‘rsatkichni 87 foizga yetkazish belgilangan.

Bular hali hammasi emas. Mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish bo‘yicha ham muhim qadamlar tashlandi. Masalan, 2026-yilga borib quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 8000 MVtga yetkazish orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish salmog‘ini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning natijasida yiliga 7 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejash, atmosferaga 12 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari chiqishining oldini olish mumkin.

Keyingi yillarda bu borada bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Karmana tumanida ishga tushirilgan 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi har yili 80 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga, atmosferaga 160 ming tonna issiqxona gazlari chiqishining oldi olinishiga xizmat qilmoqda.

Yaqindagina Nurobod tumanida xuddi shunday quyosh stansiyaning ishga tushirilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyasini barpo etish borasida ishlarning boshlab yuborilgani bu boradagi xayrli ishlar ortga qaytmas tus olganini ifoda etadi.

Aytish joizki, so‘nggi besh-olti yilda atrof muhit monitoringi hamda sohada parlament va jamoatchilik nazorati institutining natijadorligi sababli atmosferaga tashlanayotgan tashlanmalar miqdori 11 foizga kamaydi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keyingi besh yilda 1 milliard daraxt va buta ko‘chatlarining ekilishi ham global muammolarga, iqlim o‘zgarishlariga milliy yechim bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda bu masalalarga yana bir karra e’tibor qaratib, insonning kamol topishi, farovon hayot kechirishida qulay va xavfsiz atrof-muhit, ekologiyaning ahamiyati beqiyos ekanini, shu bois Konstitutsiyamizda ushbu yo‘nalishga doir ekologik-huquqiy normalar o‘z ifodasini topishi lozimligini alohida ta’kidlagan edi.

Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyamizga ekologiya sohasida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar birinchi navbatda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qonunimizda aks ettirilishi bilan ona tabiatimizni asrash, aholi salomatligini yaxshilash, xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining IX bobi nomlanishiga ekologik huquqlarning kiritilishi, 40-moddada bir qator ekologik huquqlarning belgilanishi ayni muddao bo‘ldi. Ya’ni, ushbu moddada davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi nazarda tutilayotgani mamlakatimizning ekologik barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuning barobarida, har kim sog‘lom va qulay atrof muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lishi, o‘z sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi bo‘yicha kiritilayotgan qo‘shimchalar atrof muhitga ta’siri kuchli bo‘lgan sub’yektlarning hamda mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini oshiradi.

Qonun loyihasining 55-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida bo‘ladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham bo‘lishi mumkin. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lib, tadbirkorlik sub’yektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi, deb mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu esa insonlarning qulay atrof muhitga bo‘lgan huquqini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, tabiatga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishga chek qo‘yish, tabiat in’omlari, boyliklarini, tabiiy resurlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish barchamizning asosiy burchimizdir. Bu borada Bosh qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar inson qadrini, xalq manfaatini, barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilishi muqarrar.

Xayrullo GʻAFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

birds birds