calendar 28 Iyul 05:34

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi davom etmoqda

Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarda aholi tomonidan bildirilgan takliflarning tahlili xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Mazkur siyosiy jarayon jamiyatning barcha toifalari takliflarini o‘rganish va qabul qilish bilan boshlanganligi ham mamlakatimizda inson manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilganini anglatadi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Gidrometereologiya xizmati markazida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining umumxalq muhokamasi doirasida “Konstitutsiyaviy islohotlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasining o‘rni va maqomi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometereologiya xizmati markazi xodimlari, Ekopartiya Toshkent shahar va Yunusobod tumani Kengashi vakillari, partiyaning BPT a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Gidrometereologiya xizmati markazi Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimov kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qolaversa Bosh qomusimiz ya’ni, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat olib boradigan fuqarolarni quvontirganini aytdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassamligini gapirib, har kim sog‘lom va qulay atrof-muhitda farovon hayot kechirgan taqdirdagina jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanishini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov Konstitusiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi joriy yilning 1 avgust sanasiga qadar davom etishini va Bosh qomusimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni “Mening konstitusiyam” platformasi va qisqa 1341 telefon raqamlari qabul qilayotganligi, shuningdek, telegram maxsus boti orqali o‘z fikr-mulohazalarini yuborishlari mumkinligi to‘g‘risida ma’lumotlar berib, bildirilgan takliflar tegishli tartibda Respublika ishchi guruxiga taqdim etilishini ta’kidlab o‘tdi.

Davra suhbati yakunida O‘zgidromet xodimlari mavzu yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi, bo‘layotgan jarayonlarga befarq emasliklarini, ushbu muhim islohotlarda bundan keyin ham faol ishtirok etishlarini ma’lum qildilar.

birds birds