calendar 10 Fevral 10:25

Aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi

Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda.

 

Xususan, so‘nggi besh yil davomida yurtimizda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va ularga kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 8 fevral kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda oxirgi besh yilda mazkur sohaga 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratilganini, bu davrda 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganini ta’kidladi.

 

Bugungi jadal rivojlanish davrida aholining ichimlik suv ta’minoti va oqava suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatkichlari davr talabidan ortda qolib, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar aholining xaqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani hammamizga yaxshi ma’lum. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti 60 foizdan kam. G‘uzor, Dehqonobod, Koson, Sherobod, Angor, G‘allaorol va Xatirchi tumanlarida bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi.

 

Bu borada kelgusi besh yilda sohaga 40 trillion so‘m investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilayotgani, joriy yilda ushbu maqsadlar uchun budjetdan 2 trillion so‘m ajratilishi va 245 million dollar jalb etilishi ayni muddao bo‘ldi.

 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, Strategiyaning 34-maqsadida Respublika aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish, 32 ta yirik shaharlar va 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimlarini yangilash vazifalari belgilangan. 

 

Hozirgi kunda mamlakatimizda mahalla fuqarolar yig‘inlari soni 9 255 tani tashkil etmoqda. Lekin shundan 1 ming 545 ta mahallada markazlashgan suv tarmog‘i mavjud emas. Yig‘ilishda mutasaddilar oldiga mahallalardagi imkoniyatlarni o‘rganib, uch xil yo‘nalishda ichimlik suvi ta’minotini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

 

Bu jarayonda avvalo, infratuzilmaga yaqin mahallalarga markazlashgan tarmoq tortilishi, yerosti suvi yaqin va toza bo‘lgan joylarda quduq qazilib, suv inshooti qurilishi, quduq qazish va quvur tortish imkoni bo‘lmagan qishloqlarda katta sig‘imli hovuz barpo etilib, suv tashib keltirilishi eng to‘g‘ri va oqilona qarordir.

 

Yig‘ilishda daryolar va yerosti suvlarini asrash masalasiga alohida e’tibor qaratilar ekan, bugungi kunda 8 mingta suv qudug‘idan 1 ming 500 tasi yaroqsiz holatga kelgani, oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv ta’minoti yomonlashgani aytildi. Sababi Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida quduqlar qazish, Zarafshon va Chirchiq daryolari o‘zanidan qum-shag‘al olish nazoratsiz, pala-partish bo‘lgani sababli bu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.

 

Shu nuqtai nazardan, bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burg‘ilash ishlari faqat Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanib, mutasaddi idoralarga quduqlarni xatlovdan o‘tkazish, daryo bo‘ylarini qattiq tartibga olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

 

Aytish joiz, mamlakatimizda sohaning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni ayrim deklorativ normalari hamda 20 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan. Demak, sohaning keskin rivoji uchun huquqiy asos bo‘lgan yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish va joriy etishga ehtiyoj bor.

 

Xalqaro amaliyot deyarli barcha davlatlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish sohalari alohida qonun hujjati bilan tartibga solinganini ko‘rsatmoqda. Ushbu maqsadlarda Qonunchilik palatasida “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.

 

Qonun loyihasi sohani rivojlantirishda buyurokratik to‘siqlarni keltirib chiqaruvchi normalar, xususan, sohadagi faoliyat yo‘nalishlariga litsenziyalash o‘rniga shaffof mexanizm kiritish orqali joriy etilmoqda. Bunda, avvalombor ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv chiqarish xizmatlari sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, vakolatli davlat organlarining vakolat doiralari, xizmat ko‘rsatish korxonalarining va foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

 

Sohani keskin rivojlantirishda bozor mexanizmiga, jumladan, xususiy, davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga yo‘naltirilgan huquqiy asoslar hamda ichimlik suvi tashiydigan transport vositalariga aholiga yetkazib beriladigan ichimlik suvi narxini sun’iy ravishda ko‘tarilib ketishini oldini oluvchi normalar kiritilmoqda.

 

Loyihada iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan, xususan iste’molchilarga asossiz hisoblanganligi uchun suv ta’minoti tashkilotlariga nisbatan tegishli moliyaviy choralarni kuchaytirish, sifatsiz suv ta’minoti natijasida jismoniy shaxslarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash mexanizmini ochib beruvchi normalar o‘z aksini topgan.

 

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, yangi huquqiy hujjatning kuchga kirishi va amaliyotga keng tatbiq etilishi mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi yangi xizmatlar bozorini rivojlantirishga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarining faoliyatini vakolatli davlat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarni faqat qonun doirasida o‘tkazishga, pirovardida fuqarolarga qulay va xavfsiz ichimlik suvi ta’minotini yaratishga xizmat qiladi.

                                      

Mohira XODJAEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish

masalalari qo‘mitasi a’zosi

 

birds birds