calendar 06 Aprel 10:06

Ilm-maʼrifat bog‘iga senator ishtirokida 350 ga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi

Kuni kecha “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Navoiy shahridagi Ilm-maʼrifat bog‘ida daraxt ko‘chatlarini ekish aksiyasi tashkil etildi.

Unda ishtirok etgan Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov nutq so‘zlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash borasidagi loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Senator mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan qabul qilingan bir qator Davlat dasturlari yurtimizning boy, tabiiy, shu jumladan, biologik xilma-xil resurslarini saqlash va ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish uchun xizmat qilayotganligi qayd etib o‘tdi.

Shundan so‘ng keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bog‘ hududiga  bir vaqtning o‘zida 350 ga yaqin katalpa va pavlovniya ko‘chatlari ekildi. Mazkur ko‘chatlar viloyat Ekologiya va atrof-muhitini muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, davlat muhofazasiga olindi.

Senator B.Alixonov shu kunning o‘zida viloyatdagi Bolalar ijodiyoti markazida bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar, yosh ixtirochilarning yangi ishlanmalari bilan tanishdi. Uchrashuv davomida yosh ixtirochilarga tegishli tavsiyalar berildi.

So‘ng senator Navoiy viloyati Karmana tumanida bo‘lib, hududida joylashgan “Era agroholding” MCHJdagi ko‘chat yetishtirish faoliyati bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, mazkur korxona 0,03 gektar maydonda 500 mingta gul ko‘chatlari hamda 0,03 gektar maydonda qovun, tarvuz, pomidor va bodring ko‘chatlarini yetishtiradi. Tadbirkor tomonidan yetishtirilgan ko‘chatlar Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlariga yetkazib berilmoqda.

birds birds