calendar 28 Oktabr 15:11

Gidrometeorologiya xizmati – barqaror taraqqiyot garovi

Gidrometeorologiya faoliyati bu gidrometeorologik axborotni tayyorlash va tarqatish jarayoni bo‘lib, u davlat boshqaruvi organlari, qurolli kuchlar, iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari va aholiga o‘z vaqtida, ishonchli gidrometeorologik ma’lumotlar, shuningdek, xavfli gidrometeorologik hodisalar, atrof tabiiy muhit ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, uning iqtisodiyot va aholiga ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, sohaning tashkiliy-xuquqiy asoslari ishlab chiqildi, dasturiy vazifalari belgilandi.

 

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zgidromet O‘zbekiston Respublikasida gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

 

Shuningdek, O‘zgidromet huzurida Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hujjat bilan 2020–2025 yillarda O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020–2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

 

Hozirgi vaqtda milliy gidrometeorologiya xizmati 330 dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sun’iy yo‘ldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va ma’lumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Ammo suv va qishloq xo‘jaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport va turizm kabi ob-havoga bog‘liq iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi va faoliyat ko‘rsatishiga ko‘maklashuvchi gidrometeorologik xizmatlar sifati va ma’lumotlarning o‘z vaqtida taqdim etilishiga salbiy ta’sir etuvchi qator muammolar mavjudligi ushbu sohaga alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.

 

Xususan, gidrometeorologiya sohasidagi munosabatlarning muayyan qismi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va idoraviy nizomlar bilan tartibga solingani, gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari tizimlashtirilmagani, boshqaruv va prognozlar tayyorlash jarayonlarining ortiqcha markazlashtirilgani yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlamayapti.

 

Zamonaviy huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda gidrometeorologik kuzatuvlar hamda atrof tabiiy muhit holati monitoringini o‘tkazish, kuzatuv natijalari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash, ularga ishlov berish va tarqatishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik asosining yetarli emasligi, shuningdek, amaldagi qonunchilik tomonidan fuqarolar, jamoat birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarning gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmagani natijasida bugungi kunda sohani tartibga soluvchi yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati paydo bo‘ldi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 12 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida bu borada muhim yangiliklar aks etgan.

 

Qonun loyihasi Prezidentimizning 2020 yil 17 noyabrdagi tegishli qarorining 13-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, loyiha gidrometeorologiya va unga yaqin bo‘lgan sohalardagi faoliyatning huquqiy asoslarini belgilaydi. Qolaversa, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning gidrometeorologik ma’lumotlarga, shuningdek, atrof tabiiy muhit holati va uning ifloslanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga bo‘lgan talabini ta’minlaydi.

 

Mazkur hujjatda gidrometeorologiya xizmatini yagona tashkiliy-texnik tizim sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan huquqiy normalar, gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, gidrometeorologiya faoliyati ob’ektlari va sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlari, gidrometeorologiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishi, davlat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari, fuqarolar va mudofaa organlarini gidrometeorologik ma’lumotlar, atrof tabiiy muhit ifloslanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash hamda gidrometeorologiya faoliyatini moliyalashtirish tartiblari belgilanmoqda.

 

Qonun loyihasini ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy davlatlar, xususan Yaponiya, Koreya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova kabi mamlakatlarning qonunchiligidan keng foydalanilgan.

 

Chunonchi, O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmatiga muhim vazifalar topshirilgan bo‘lib, hayotning barcha sohalari, shubhasiz, uning faoliyatiga bog‘liq. Bu faqatgina odatiy ob-havo bashoratidan iborat emas, balki fuqaro aviatsiyasi uchun meteorolik xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar uchun prognozlarni hozirlash, daryolarning suvlilik darajasi prognozlari, qor ko‘chkisi va sel toshqinlari xavfi, atmosfera havosi, suv va tuproqning ifloslanish holati va boshqa ko‘plab ma’lumotlarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

 

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa gidrometeorologiya faoliyatini, gidrometeorologik kuzatuvlar o‘tkazish va ma’lumotlarga ishlov berishning ilmiy uslublarini yanada takomillashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, boshqa tashkilotlarni, aholini gidrometeorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, gidrometeorologiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi muqarrar.

 

Mohira XODJAYEVA,

Oliy Majlis

Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

fraksiyasi a’zosi

birds birds