calendar 13 Aprel 04:33

Surxon davlat qo‘riqxonasida ekoturizim hududi tashkil etiladi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Surxon davlat qo‘riqxonasiga tashrif buyurib, u yerdagi ekologik holat, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qilinayotgan ishlar, hududda tashkil etilgan ko‘chat yetishtirish bo‘limi bilan tanishdi hamda terak qalamchalarini ekish tadbirlarida qatnashdi.

 

Surxon davlat qo‘riqxonasi 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Surxondaryo viloyatidagi Ko‘xitang tog‘ining sharqiy qismida joylashgan. Qo‘riqxonada o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi turlari hamda archazor o‘rmonlar muhofazaga olingan.

Ushbu tabiiy hudud o‘simlik turlariga boy bo‘lib, 807 tur o‘simlik uchraydi, shundan 41 tasi O‘zbekiston Respublikasi qizil kitobiga kiritilgan. Qo‘riqxonada hozirgacha umurtqali hayvonlardan  26 tur sut emizuvchilar, 136 tur qushlar, 23 tur  sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 4 tur baliqlar , jami 191 tur hayvonot dunyosi vakillari uchrashi aniqlangan. 18 turdagi hayvonot dunyosi vakillari  O‘zbekiston Respublikasi qizil kitobiga kiritilgan.

Bugungi kunda mazkur qo‘riqxonaning “Qo‘riqlama” hududida 4 gektar maydonga ko‘chat yetishtirish bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, 8 mingta terak hamda 15 mingta mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

 

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan Surxon davlat qo‘riqxonasining asosiy yer maydonidan 395.6 gektar maydon qo‘riqlanma zonasiga o‘tkazilib, ekoturizim hududini tashkil qilish uchun ajratilgan. Bugungi tadbir doirasida ekoturizim hududini tashkil qilishda tabiiy muhitga zarar yetkazmaslik, turistlarni jalb qilish va ularni bu yerdagi tabiat manzaralari bilan tanishtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ko‘chat yetishtirish bo‘limi va ekoturizim hududi bo‘yicha jamoatchilik nazorati olib borildi.

birds birds