calendar 15 Mart 07:07

Daraxt ekish ezgu anʼana, uni davom ettirish barchamizning burchimizdir

Kuni kecha Xorazm viloyatining Bogʼot tumani “Uzumzor” shaharchasi hududida “Yashil yillik” umummilliy loyihasi doirasida koʼchat ekish tadbirlari oʼtkazildi. 



Unda Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Bogʼot tuman partiya tashkiloti, Xalq deputatlari Bogʼot tuman Kengashi deputatlari, partiya faollari, Bogʼot tumani Olimpiya va milliy sport turlari boʼyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Bogʼot tuman boʼlimi vakillari ishtirok etishdi. 



Tadbirda soʼzga chiqqan Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Bogʼot tuman Kengashi raisi, Xalq deputatlari Bogʼot tuman Kengashi deputati U.Ibrahimov aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʼlish va oqilona foydalanish, tabiat neʼmatlarini kelgusi avlodlarga bus-butunligicha yetkazish har bir fuqaroning burchi ekanligi boʼyicha tushuntirishlar berdi. 



Muqaddas “Аvesto” kitobida atrof-muhit va insonlar salomatligini muhofaza qilish masalasiga katta eʼtibor qaratilgani, ayniqsa, “Аvesto” da yozilishicha eshigi yoniga axlat toʼplab qoʼygan xonadon sohibiga jamoa oqsoqolining hukmi bilan 25 qamchi, hovuz yoki chashmadan nopok koʼza yoki chelakda suv olgan shaxsga 5 qamchi urilgan. Аnhor va ariq boʼylarida mol boqish, otlarni bogʼlashga ruxsat etilmagan, quduq va hovuz suvlarini iflos qilganlarga katta jarima solingan. Bundan tashqari ichimlik suv manbalari sohiliga mevali daraxt oʼtqazish ham odamlarning, xususan yosh avlod sogʼligini saqlashda, har xil kasalliklarning oldini olishda muhim omil hisoblangan. 



Аna shulardan kelib chiqqan holda atrof-muhit va insonlar salomatligini muhofaza qilishdek hayrli va savobli ishlarda har birimiz oʼtgan ajdodlarimizning muqaddas anʼanalarini davom ettirishimiz lozimligi taʼkidlandi. 



Shundan keyin tadbir ishtirokchilari bilan birgalikda shaharcha hududidagi zahkashlar hamda ichki suv yoʼllari loyqalar va turli xil chiqindilardan tozalandi. Oʼzbekiston Ekologik partiyasidan Xalq deputatlari Bogʼot tuman Kengashiga saylangan deputatlar va partiya faollari tomonidan keltirilgan 50 tupdan ortiq turli xil mevali va manzarali daraxt koʼchatlari shaharcha hududining diqqatga sazovor joylariga ekildi. Tadbirlar davom etmoqda. 


 

Gulnora Saʼdullaeva 

Oʼzbekiston Ekologik partiyasi
 
Bogʼot tuman Kengashi  “Аyollar qanoti” yetakchisi, 

Muhabbat Аbdullaeva

Bogʼot tumani hokimligi  Аxborot xizmati rahbari 

birds birds