calendar 15 Aprel 07:41

Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik: Toshkent viloyatida ahvol qanday?

Uyimiz atrofidagi do‘konlar biroz uzoqroqda joylashgan. Doim o‘zim chiqishimga to‘g‘ri keladi.

 

Chunki 4-sinfda o‘qiydigan qizimni yuborishga xavotir olaman. Qolaversa, o‘zi ham borib-kelishga qo‘rqadi. Chunki yon-atrofda daydi it-mushuklar ko‘p. Ko‘chadagi qarovsiz itlar, mushuklar masalasi hamma joyda duch kelinadigan muammolardan biri. Eng achinarlisi, ularga nisbatan shafqatsizlik holatlari ham ko‘payib bormoqda. 

 

Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ushbu salbiy holatlar ayniqsa, Toshkent viloyatining Angren shahri, Olmaliq va Ohangaron tumanlarida kuzatilayotganligi ijtimoiy tarmoqlar obyekti bo‘lib qolmoqda. Viloyatda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik bo‘yicha 2019 yilda 44 ta, 2020 yilda 105 ta, 2021 yilda 190 hamda 2022 yilning birinchi choragida 89 holatda ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan.

 

Shu sababli Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lishning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish natijalari xaqidagi Qonunchilik palatasining 2019 yil 15 martdagi qarori ijrosi Toshkent viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

 

Nazorat-tahlil tadbiri yakunlari qo‘mita yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.

 

Olib borilgan parlament nazorati davomida aniqlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yilda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni mustahkamlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan va qabul qilingan.

 

Toshkent viloyatidagi barcha tuman va shaharlardagi obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida “Nazoratsiz hayvonlarni tutish” brigadalari tashkil etilgan. Har bir brigadalar tutilgan hayvonlarni tashishi uchun maxsus “Damas” avtotransport vositalari, temir qafaslar, maxsus asbob-anjomlar, kiyim-boshlar va birlamchi tibbiy qutilar bilan ta’minlangan. Boshqarma binosi hududida qarovsiz qolgan it, mushuk va yirtqich hayvonlarni vaqtincha saqlash joylari tashkil etilgan.

 

Ammo hali yechimini kutayotgan bir qator kamchilik va muammolar mavjud. Xususan, qarovsiz hayvonlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning sonini nazorat qilish, qarovsiz hayvonlar uchun boshpanalar tashkil etish bo‘yicha tegishli hukumat qarorlari va uzoq muddatli istiqboldagi umumdavlat maqsadli dasturlari qabul qilinmagan. Bundan tashqari, sohani tartibga soluvchi yaxlit qonunning, xususan qarorda tavsiya etilgan “Hayvonlarni shavqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmagan. Oqibatda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni mustahkamlanishiga qaramasdan bu borada xuquqbuzarliklar soni yildan-yilga ko‘payib borgan.



O‘rganish jarayonlarida qarovsiz hayvonlarni vaqtinchalik saqlash joylari sanitariya talablariga javob bermasligi, bir kunda tutib keltirilgan yuzlab hayvonlar uchun qafaslar yetishmasligi, natijada turli zot, jins va yoshdagi hayvonlar bitta qafasda saqlanayotganligi kuzatildi.

Daydi hayvonlarni tutishda brigadalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini o‘tash vaqtida taqiqlangan usullardan foydalanilgan. Bu bilan hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lingan. Jumladan, joriy yilda ushbu huquqbuzarlik uchun Angren shahar hayvon ovlovchilari ichki ishlar xodimlari tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mamlakatda hayvonlarni (xususan, itlarni) ro‘yxatdan o‘tkazish, ular egalarining yagona reestrini yuritish, shuningdek, daydi hayvonlar egalarini ma’muriy javobgarlikka tortishning tashkiliy-huquqiy tizimi mavjud emas. Shu sababli, respublikaning barcha shahar va tumanlari ko‘cha va dalalarida ko‘plab qarovsiz it va mushuklar yurganini kuzatish mumkin.

 

Mazkur masala qizg‘in muhokama qilinib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

www.uza.uz

 

birds birds