calendar 22 Iyul 11:31

Buxoro viloyati partiya tashkilotlari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan hududiy partiya tashkilotlari ishini samaradorligini oshirish maqsadida  aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Shunga ko‘ra, Buxoro viloyatida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev ishtirokida viloyatdagi tuman (shahar) partiya tashkilotlari tomonidan bugunga qadar amalga oshirilgan ishlar va oldinda bajarilishi lozim bo‘lgan masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda har bir tuman va shahar partiya tashkiloti faoliyati, bajarilgan chora-tadbirlar, partiya faoliyati samaradorligini oshirish, jumladan boshlang‘ich partiya tashkilotlari tuzish a’zolar safini kengaytirish, hududlardagi ekologik muammolarni o‘rganish, mahalliy kengash deputatlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash kabi ko‘plab masalalarda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan partiya tashkiloti raislari faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

Ayniqsa, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Shofirkon tumanlari faoliyatida  yuqori tashkilotdan kelayotgan topshiriq ijrosiga amal qilinmayotganligi keskin tanqid qilindi hamda mazkur tuman partiya tashkiloti raislari ogohlantirildi.

Ayrim hollarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari talab darajasida emasligi ta’kidlab o‘tildi.

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar faqat viloyat partiya tashkiloti xodimlari tomonidan tashkil etilayotgani tuman va shahar partiya tashkilotlarining bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanligi aytib o‘tildi.

Buxoro viloyat, tuman(shahar) partiya tashkilotlari tomonidan joriy yil 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlar to‘laqonli emasligi, kamchiliklarni barataraf etish esa partiya vakillarining o‘z faoliyatiga fidoyiligi bilan erishilishi ta’kidlandi.

Tanqidiy va tahliliy ko‘rinishda o‘tgan yig‘ilish so‘ngida A.Hamzayev tomonidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Joriy yilning 10-sentabriga qadar Buxoro viloyati va tuman va shahar partiya tashkilotlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

birds birds