calendar 07 Fevral 05:44

BARCHA YO‘LLAR MO‘YNOQGA OLIB BORADI!

Ma’lumki, 2021-yil 18-may kuni o‘tkazilgan BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasining yalpi majlisida mintaqa kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega hujjat, ya’ni Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiyani amaliyotga tadbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi PQ-5202-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu Qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” asosida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojealar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat’iy davom ettirilishi, dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilishi, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan joriy yilning 5-6-fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Parlamentning Orolga nigohi” mavzusida ekologik aksiyasi tadbirlari o‘tkazildi.

Aksiya ishtirokchilari tomonidan joylarda yig‘ilgan 1 tonnadan ortiq saksovul urug‘i ko‘chatlari Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan Markaziy shtabga topshirildi.

Shuningdek, aksiya ishtirokchilari Orolbo‘yi hududida xasharchilar bilan birgalikda saksovul ko‘chatlarini o‘tqazish ishlarida ishtirok etishdi, Orolning qurigan hududida joylashgan Markaziy shtabda ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

Orolning qurigan tubida ekilgan saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish va o‘rmon barpo etilayotganligi bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan to‘laqonli ma’lumotlar berildi.

 

Shundan so‘ng, Orol dengizining qurigan tubida mehnat qilayotgan  o‘rmonchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Shtab maydonida o‘rnatilgan sahnada qoraqalpog‘istonlik va xorazmlik san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Hasharchilarga doshqozonlarda osh damlanib, bayramona bezatilgan dasturxonlarga tortildi. O‘zaro suhbatlarda bu yerda ishlayotganlar kayfiyati, fikr-mulohazalari, takliflari bilan qiziqildi.

 

Aksiya so‘nggida Mo‘ynoq shahrida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi hamda kelgusida amalga oshiriladigan rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

 

 

Komol JUMANIYOZOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza

 qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi    

birds birds