calendar 09 Aprel 13:55

Deputatlar yoshlar bog‘iga ko‘chat ekdi

Bugun Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi “Do‘nqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yoshlar parlamenti bog‘i” tashkil etilib, ko‘chat ekish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xayrli tashabbuslari bilan boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari doirasida o‘tkazilgan ushbu ko‘chat ekish aksiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari X. Gapparov, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashidan vakillar, mahalliy aholi hamda yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir davomida 200 tup manzarali va 500 ta terak qalamchalari yerga qadaldi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida “Chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ekish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda “Yoshlar parlamenti bog‘i”ga hududning iqlimiga mos daraxt ko‘chatlari ekildi.

— Kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham davlatimiz rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalaga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, ularni sug‘orish tizimlariga lohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdi, — deydi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Kamol Jumaniyozov. — Bugun ekilgan ko‘chatlarning ham parvarishlash va sug‘orish bo‘yicha mas’ullari tadbir davomida belgilab olindi va ularga daraxtlarni parvarishlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz bo‘ylab bu kabi bog‘larni ko‘plab barpo etish ko‘zda tutilgan, zero mana shunday muxofaza qilinadigan yashil hududlarni ko‘paytirish O‘zbekiston Ekologik partiyasi oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir.     

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi matbuot xizmati

 

birds birds