calendar 20 Iyul 10:56

Konstitutsiya – xalqimiz tafakkurining koʻzgusi

Shahrisabz shahar madaniyat saroyida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashi tomonidan “Konstitutsiya – xalqimiz tafakkurining koʻzgusi” mavzusidagi ochiq muloqot oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Abdushukur Xamzayev, Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov, partiyaning viloyat, shahar (tuman) Kengashlari raislari, hamkor tashkilotlar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan ochiq muloqotda konstitutsiyaviy islohotlar haqida soʻz yuritildi.

“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini xalqimiz, jamoatchiligimiz bilan keng muhokama qilish Bosh qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻlishiga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

 Taʼkidlanishicha, kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar eng avvalo, “Inson qadri uchun”, degan tamoyilni roʻyobga chiqarishga qaratilgan boʻlib, fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytiradi. Shuningdek, muloqot davomida amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida toʻlaqonli tushunchalar berilib, ushbu siyosiy jarayonda barcha birdek faol ishtirok etish kerakligi tushuntirildi.

Ishtirokchilarga umumxalq muhokamasi 1-avgustga qadar davom etishi, aholida takliflar boʻlsa http://www.meningkonstitutsiyam.uz platformasi orqali yoki  1341 qisqa raqami orqali bildirishlari mumkinligi aytildi.

Yakunda ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, davlat va jamiyat taraqqiyotiga daxldor bir qator takliflari olindi.

birds birds