calendar 18 Noyabr 17:23

2022 yilda necha gektar qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

 

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ushbu sohada ajratilayotgan mablag‘larni muhokama qildilar.

 

Davlat budjetidan 2022 yilda agrar hamda atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarga ajratiladigan mablag‘lar quyidagilardan iborat. Xususan, qishloq-xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtirishni yangi joriy etilgan tartibga asosan moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga 5 trln so‘m beg‘araz moliyaviy yordam ajratish belgilanmoqda.

Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlarining yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo‘llash darajasini oshirish uchun bir martalik grant mablag‘larini moliyalashtirishga 1 trln so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

 

Prezidentimizning qarorlariga muvofiq 2022 yilda 260 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish belgilangan bo‘lib, mazkur tadbirlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar berishga davlat budjetidan 1,2 trln. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilyapti.

Shu bilan birga, Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlarni, shu jumladan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash xarajatlariga 111 mlrd so‘m, qo‘mita tizimidagi analitik laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 18 mlrd so‘m, qo‘mita tomonidan yuritiladigan davlat kadastrlarini shakllantirish va yuritish xarajatlariga 5 mlrd so‘m ajratish belgilanmoqda.

 

Yig‘ilishda “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

 

birds birds