calendar 18 Mart 11:17

Ov qilish va ovchilarni nazorat qilishda qonun talablariga amal qilinyaptimi?

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʼmitasi hamda Oʼzbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida Oʼzbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xoʼjaligi toʼgʼrisida”gi Qonunining ovchilik xoʼjaliklari majburiyatlariga oid normalari ijro etilishi holatini Jizzax va Sirdaryo viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʼrganish yakunlariga bagʼishlangan qoʼmita yigʼilishi boʼlib oʼtdi. 


Tadbirda, Qonunchilik palatasi deputatlari va devoni xodimlari, mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, Jizzax va Sirdaryo viloyati xokimligi mutassadilari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. 


 Eʼtirof etish joiz, soʼnggi yillarda ovchilik xoʼjaliklarini tashkil etish va rivojlantirish hamda ularni boshqarishni xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazishning mukammal tashkiliy-xuquqiy asoslari ishlab chiqildi. Jumladan, 2020 yilda qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xoʼjaligi toʼgʼrisida”gi Qonunining qabul qilinishi va kuchga kirishi ushbu sohadagi tarqoq normativ-xuquqiy xujjatlarning tizimligini va yaxlitligini taʼminlash bilan bir qatorda mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solish imkonini berdi.


Bugungi kunda Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi tassarufida boʼlgan Milliy tabiat bogʼlari va ovchilik xoʼjaliklari boshqarmasi tasarrufida mamlakatimizning turli maʼmuriy hududlarida 10 ta Davlat oʼrmon-ov xoʼjaliklari hamda 38 ta ovchilik va baliqchilik xoʼjaliklari faoliyat olib boradi. Oʼzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasida roʼyxatga olingan 38 ming ovchidan qariyb 35 ming nafari havaskor ovchilar, 3 ming nafari esa havaskor baliqchilardir.


Ishchi guruhi tomonidan oʼtkazilgan oʼrganish yakunlari “Ov qilish va ovchilik xoʼjaligi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasi talablari ijrosini taʼminlash yuzasidan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida muayyan ishlar amalga oshirilganligini koʼrsatdi.


Xususan, taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan, Jizzax viloyatida viloyat oʼrmon xoʼjaligi boshqarmasi tassarufida umumiy yer maydoni  5777,7 ga boʼlgan “Forish” davlat oʼrmon-ov xoʼjaligi hamda Oʼzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Jizzax viloyati boʼlimiga qarashli maydoni 20 ming gektardan iborat 2 ta, yaʼni Zomin-Baxmal va Аydar-Аrnasoy ovchilik hoʼjaliklari faoliyat olib boradi. 


Sirdaryo viloyatida esa viloyat oʼrmon xoʼjaligi boshqarmasi tassarufida umumiy yer maydoni 4016,7 ga boʼlgan “Qolgansir” davlat oʼrmon-ov xoʼjaligi mavjud boʼlib, Oʼzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Sirdaryo viloyati boʼlimiga qarashli ovchilik xoʼjaliklari mavjud emas. Bugungi kunda boʼlim tomonidan 14,5 ga yer maydonda davlat fondi yerlarida erkin ov qilish joylari tashkil etilgan. 


Har ikkala viloyatdagi mavjud ovchilik va oʼrmon-ov xoʼjaliklarida hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish borasida amaldagi qonunchilikka rioya qilingan holda faoliyat olib borilgan. Rejaga asosan bir qator biotexnik tadbirlar amalga oshirilgan va bu borada tegishli dalolatnomalar tuzilgan. 


Ovchilik xoʼjaliklar hududlarida mazkur hududlarni ovchilik xoʼjaliklari hududi ekanligi belgilangan koʼrsatkich anshlaglar, panolar oʼrnatilgan. Yongʼinga qarshi tadbirlar amalga oshirilgan, bu xaqda ovchilar uchun yoʼriqnomalar tayyorlangan va tarqatilgan. 


Oʼrmon-ov xoʼjaliklarda yovvoyi hayvonlar sonining hisobini yuritilishi, shuningdek tutilgan hayvonlarning hisobini yuritilishi boʼyicha maʼlumotlar olib borilgan. Davlat ekologiya qoʼmitasi tomonidan mazkur xoʼjaliklarda ov qilish, bu borada noqonuniy faoliyatlarni oldini olish borasida davlat nazorati tizimli yoʼlga qoʼyilgan. 


2021 yilda ovchilik xoʼjaliklarida 98 ta ov qilish, 205 ta holatda baliq ovlash qoidalari buzilganligi qayd etilgan va ularga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilangan. 


Qonun ijrosini oʼrganish jarayonlarida oʼrmon-ov va ovchilik xoʼjaliklarda ayrim kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganligi hamda sohada baʼzi muammolar mavjudligi ham maʼlum boʼldi. 


Jumladan, ovchilik xoʼjaliklarining iqtisodiy rivojlanishiga taʼsir etuvchi asosiy manba – ovchilarga yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalarini berishda mavjud imkoniyatlardan toʼliq foydalanilmagan. Bu esa ovchilik xoʼjaliklarida biotexnik tadbirlarni tizimli va samarali oʼtkazish imkonini bermagan. 


Ovchilik xoʼjaliklari hududlarida noqonuniy qurilishlar, sunьiy koʼllar barpo etilishi, chorva mollarini oʼtlatilishi xoʼjaliklar fauna va florasiga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda.


Shuningdek, tadbirda Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Sirdaryo viloyatidan ov qilishga oid xujjatlarni soddalashtirish, ov mavsumi muddatlarini qayta koʼrib chiqish hamda ayrim yovvoyi ov hayvonlarni tutish uchun toʼlovlar miqdorini kamaytirish boʼyicha qonunchilik hujjatlariga oʼzgartirishlar kiritish haqida Qonunchilik palatasiga takliflar yoʼllagan ovchilar ham ishtirok etdi. Bildirilgan takliflarga Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi va Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan ilmiy asoslangan javoblar berildi.


Tadbir yakunida mazkur sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga oid qoʼmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʼmitasi

 

birds birds