calendar 15 Oktabr 14:40

Ishonchli vakil harbiy qismda bo‘ldi

Mamlakat hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lgan Prezident saylovi g‘oyat muhim tadbir sifatida barchamizni xalqimiz taqdiri, buguni va ertangi istiqboli uchun qat’iy tanlovni belgilashga da’vat etmoqda. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertasi, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam ekanligi mazkur siyosiy tadbirning alohida ahamiyatini ko‘rsatadi.

 

Shu bois mamlakatimiz aholisi joriy yilning 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovini o‘zgacha hayajon va katta qiziqish bilan kutmoqda.

 

Shu haqdagi fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Qashqadaryo viloyatidagi ishonchli vakili N.Halimovning Xonobod shaharchasida joylashgan harbiy qismda o‘tkazilgan targ‘ibot uchrashuvi davomida aytildi.  

Harbiylar ishtirok etgan uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirib o‘tdi.

 

Shuningdek, nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan muhim yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvini demokratlashtirish, sud huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish borasida belgilangan vazifalar aholining turmushiga farovonlik olib kirilishi ta’kidlandi.

 

Uchrashuv qizg‘in muzokara tarzida o‘tdi. Harbiylarni qiziqtirgan savollarga partiya vakillari javob berdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

birds birds