calendar 11 Mart 11:50

2021- yilda atrof-muhit va aholi salomatligi muhofazasiga doir 3 760 ta deputatlik so‘rovlari kiritildi

Bu haqda bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi plenumida ta’kidlab o‘tildi.

Plenumda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasining 2021 yildagi faoliyati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi  farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalar hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da O‘zbekiston Ekologik partiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi qonun ijodkorligi faoliyati yo‘nalishida deputatlar qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 4 ta qonunga hamtashabbus bo‘ldilar hamda boshqa qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlaridan kirgan 20 ta qonun loyihalari ustida ishlar olib bordi. Fraksiya a’zolari 14 ta nazorat-tahlil tadbirlarida ishtirok etib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga saylovchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida jami 17 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Joylarda aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, atrof-muhit va aholi salomatligi muhofazasiga doir 3 760 ta deputatlik so‘rovlari bilan tegishli tashkilotlarga murojaatlar qilindi. Mahalliy kengash sessiyalarida 3 396 ta, mahalliy kengashning doimiy komissiya yig‘ilishlarida esa 3 413 ta rahbarlarning hisoboti va axborotlari tinglandi. Mansabdor shaxslarning qoniqarsiz faoliyati bo‘yicha mahalliy kengashlarga 50 ta xulosalar kiritilib, 17 ta hokim va mahalliy Kengash qarorlari bekor qilindi.

Partiyaning dasturiy maqsadlari, vazifalari va qarorlarini targ‘ib qilish, partiyaning jamiyatdagi ijobiy imijini yaratish hamda aholi orasida tarafdorlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha 10 876 marotaba targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi. Natijada partiya a’zolari soni 251 536 nafardan yil davomida  454 772 nafarga yetdi.

Bundan tashqari, partiya tomonidan 21 may – 5 iyun kunlari “Mo‘ynoqqa madad” hayriya velomarafoni, “Rivojlanayotgan Orolbo‘yi mintaqasi jahon hamjamiyati nigohida” mavzusidagi xalqaro konferensiya kabi xalqaro ahamiyatiga ega bir qator tadbirlar ham o‘tkazildi.

 Velomarafon doirasida to‘plangan qariyb 2 mlrd. so‘m mablag‘ Aliovul qishlog‘ini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish va aholining boshqa muammolarini hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

 

2021 yilda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham ishtirok etdi. Partiyaning Markaziy, 14 ta hududiy va 204 ta tuman va shaharlardagi saylov shtablari tuzilib, faoliyati tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod N.N.Oblomurodov va uning ishonchli vakillari tomonidan joylarda o‘tkazilgan 300 dan ortiq uchrashuvlarda 65 mingdan ziyod saylovchilar qamrab olindi.

Partiyaning dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi doirasida 2021 yilda jami 17 632 ta tadbir o‘tkazilib, unda 1 mln. 138 456 nafar partiya faollari, ayollar qanoti va yoshlar qanoti a’zolari, fuqarolar ishtirok etdi.

 

Joylarda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni hal qilish maqsadida “mahallabay” va “fuqarobay” shaklda ishlarni olib borish natijasida kam ta’minlangan oilalarga, nogironlarga amaliy yordam ko‘rsatildi va aholining ekologik savodxonligini oshirish, hududlar tozaligi va obodligiga erishishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholining 32 263 ta muammolari o‘rganilgan va shundan 25 281 tasi hal etilgan.

 

Partiyaning saylovoldi dasturida va “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib 2022 yilda bir qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

 

Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Yashil yillik” milliy tadbirida faol ishtirok etish, ular doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borish, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoyillarini tadbiq etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish, aholining ekologik savodxonligi va ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy va amaliy ishlarni kuchaytirish kabi ko‘plab ishlar rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi,   Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) partiya tashkilotlarining yangi tashkiliy tuzilmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi va hududiy partiya tashkilotlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi plenumi tegishli qarorlarni qabul qildi.

                                                                           

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Matbuot xizmati

birds birds