calendar 07 Fevral 14:31

BOG‘OTLIKLAR MO‘YNOQQA MADADKOR!

Mo‘ynoq nafaqat Qoraqalpog‘istondagi, balki mamlakatimizdagi iqlimi jihatdan eng og‘ir tumanlardan biri hisoblanadi. Orol dengizi fojiasi oqibatlaridan hammadan ko‘p jabr ko‘rgan ushbu tumanda bugun o‘zgarishlar katta. Keyingi yillarda prezidentimizning shaxsan e’tibori natijasida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish, odamlarning yashash sharoitini yaxshilash, yangi korxonalarni qurish orqali aholi bandligini ta’minlash va boshqa qator sohalar ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi.

 

Shuningdek, ushbu hududning ekologik holatini yaxshilash, Orol fojiasining salbiy oqibatlarini kamaytirish, atrofga million to‘nnalab qum, chang va tuz ko‘tarilishining oldini olish maqsadida Orol dengizining qurigan maydoniga saksovul ekish tadbirlari boshlandi. Ushbu qilingan ishlar tezda o‘z samarasini ko‘rsatib, Mo‘ynoqda odamlarning turmush sharoiti sezilarli darajada o‘zgardi.

 

Hududning ekologik muhitini yaxshilash borasidagi ishlar bugun ham to‘xtab qolgani yo‘q. Joriy yilning 5-6 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Parlamentning Orolga nigohi” shiori ostida navbatdagi ekologik aksiya o‘tkazildi.

 

Ushbu ekologik aksiyada O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bog‘ot tuman Kengashi, partiya faollari va tumandagi  tabiatsevar fuqarolardan jami 9 kishi o‘zlarining munosib tuhfalari, jumladan saksovul urug‘lari va sovg‘alari bilan ishtirok etishdi.

 

Tadbir davomida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining rahbar va mutaxassislari ishtirokida saksovulzorlar ko‘zdan kechirildi. Qurigan dengiz tubidagi hududlarga bugungacha ekilgan saksovul urug‘lari va ko‘chatlarining o‘sish jarayonlari, ushbu hududda beminnat xizmat qilayotgan insonlarning olib borayotgan ish faoliyatlari va kelajakdagi rejalar haqida o‘rtoqlashildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi qoshida yangi tashkil qilingan “OROL” ansambli badiiy rahbari, Respublika 1-maqomchilar ko‘rik tanlovi g‘olibi Yo‘ldosh Tojiev rahbarligidagi sozanda va xonandalar tadbir ishtirokchilariga ko‘taringki kayfiyat ulashdi.

 

Aksiya so‘nggida Mo‘ynoq shahrida olib borilayotgan o‘zgarishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi.

 

Ulug‘bek Ibrohimov

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Bog‘ot tuman Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Bog‘ot tuman Kengashi deputati.

 

birds birds