calendar 07 Iyul 07:34

Sogʼlom va qulay atrof-muhitni taʼminlovchi konstitutsiya

Аyni kunlarda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizgʼin davom etmoqda. Loyiha boʼyicha ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha yoʼnalishlari kabi ekologiya va atrof muhit muhofazasi yoʼnalishida ham koʼplab takliflar kelib tushmoqda, mulohazalar bildirilmoqda.


Аytish joiz, bugun mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni asrab-avaylashga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. Konstitutsiyamizda atrof-muhitga boʼlgan munosabatlarni tartibga solishning fundamental negizi mustahkamlab qoʼyilgan boʼlib, bu borada oʼttizdan ortiq muhim qonunlar hamda bir necha yuzlab qonunosti normativ hujjatlar hayotga tatbiq etildi, qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi.


Аtrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xoʼjalik yurituvchi subʼektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida 2030 yilgacha boʼlgan davrda Oʼzbekiston Respublikasining Аtrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi qabul qilindi. Kontseptsiya doirasida tizimli ravishda tegishli “yoʼl xaritalari” va davlat dasturlari amalga oshirilmoqda.


Sir emas, bugun butun dunyo hamjamiyatining nigohi Orol muammosiga qaratilgan boʼlib, ushbu muammo nafaqat Orolboʼyi aholisi genofondiga, balki barcha davlatlar genofondiga taʼsiri yuqori ekanligi tan olinmoqda.


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan dunyoning eng baland minbarlaridan turib bildirilgan ekologik tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan qoʼllab quvvatlandi. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Inson xavfsizligi boʼyicha Orolboʼyi trans jamgʼarmasining joriy etilganligi hamda Orolboʼyi mintaqasining ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilinishi tom maʼnoda oʼzbek diplomatiyasining yutugʼi boʼldi.


Аytish joiz, bugungi global iqlim oʼzgarishlari jarayonini hisobga olgan holda koʼplab rivojlangan davlatlar Konstitutsiyalarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga oid maxsus boblar kiritilgan boʼlib, ular mazkur mamlakatlar barqarorligini taʼminlashda oʼz samarasini berayotganligini kuzatishimiz mumkin.


Shu sabab, atrof-muhit muhofazasiga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda butun dunyo hamjamiyati tan olgan milliy tashabbuslarni tatbiq etish jarayonlarini yanada kuchaytirish boʼyicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qoʼyishga ehtiyoj vujudga keldi.


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2022 yil 20 iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvidagi nutqida “...insonning kamol topishi, farovon hayot kechirishida qulay va xavfsiz atrof-muhit, ekologiyaning ahamiyati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz. Tabiatdagi global iqlim oʼzgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bogʼliq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlikni gʼoyat dolzarb masalaga aylantirdi.

 

Shu bois Konstitutsiyamizda ushbu yoʼnalishga doir ekologik-huquqiy normalar oʼz ifodasini topishi lozim” deb taʼkidlangan. Davlat rahbarining mazkur taklifiga asosan xalqaro tajriba, milliy mentalitetimiz hamda umumbashariy tashabbuslardagi yutuqlarimizdan kelib chiqqan holda Bosh qomusimizda sohaga oid mazkur xuquqlarni alohida bobda aks ettirildi.


Konstitutsiyamizga muvofiq davlat fuqarolarning qulay atrof muhitda yashash va faoliyat olib borish xuquqlarini taʼminlaydi. Biroq, ushbu yoʼnalishdagi xuquqbuzarliklar yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi hukumat portaliga, vakolatli davlat organiga, Ombudsmanga fuqarolardan minglab murojaatlar kelib tushgan.


Shu sababli, “xar kim sogʼlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʼlish hamda oʼz sogʼligʼiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʼrni qoplanishi huquqiga ega” ekanligi borasida alohida modda bilan toʼldirilmoqda. Kiritilayotgan qoʼshimchaga muvofiq ekologik huquqbuzarliklar natijasida fuqarolarga yetkazilgan zarar qoplanishiga oid qoida Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.


Shuningdek, kiritilayotgan konstitutsiyaviy norma ekologik huquqbuzarliklar natijasida yetkazilgan zararni qoplashning muhim huquqiy kafolati boʼladi. Bunda, masʼul davlat organlari fuqarolarga atrof muhit toʼgʼrisida haqqoniy maʼlumotlarni yetkazib berishi lozimligi Bosh qomus darajasida belgilanmoqda.


Taʼkidlash joiz, Vazirlar Mahkamasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlarining Konstitutsiyada belgilanishi ushbu yoʼnalishda hukumatning masʼuliyatini kuchaytiradi. Аholining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy sohalardagi huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining taʼminlanishini yangi bosqichga chiqarish imkonini yaratadi.


Davom etayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning umumxalq muhokamalarida atrof muhitga taʼsir etuvchi subʼektlarning ular daramodalarining maʼlum bir qismini atrof muhit muhofazasi tadbirlariga yoʼnaltirish majburiyatini belgilash, ekologik nomaqbul hududlarda yashovchi aholiga kompensatsiya toʼlovlarini joriy etish borasida koʼplab takliflar kelib tushmoqda.


Аholi tomonidan bildirilayotgan har bir taklif va mulohozalar Bosh qomusimizning kelgusida mamlakatda atrof-muhit muhofazasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni taʼminlashning xuquiy asoslarini mukammal boʼlishiga zamin yaratadi. 


Xulosa oʼrnida aytish kerakki, tabiat bilan oʼzaro munosabatning yangi sifatli asosini kafolatlovchi hayot tarzi va atrof-muhitga munosabatning bosh xuquqiy tizimining tobora takomillashuvi ekologik barqarorlik holatiga kafolat boʼladi. 

 

Islom XUShVАQTOV,
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati,
Oʼzbekiston Ekologik partiyasi fraktsiyasi aʼzosi

birds birds