calendar 05 Avgust 13:08

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi yurtimizning barcha hududlarida tashkil etildi. Bu borada Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlarining saylovchilar bilan 20 mingga yaqin muhokamalar tashkil qilindi, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka tushuntirildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarning pirovard maqsadi “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilganligi aholi tomonidan iliq qarshi olindi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Bunda targ‘ibot-tushuntirish ishlari alohida ahamiyat kasb etdi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining joylarda o‘tkazgan uchrashuvlarida siyosiy partiyalarning hududiy partiya tashkilotlari, deputat yordamchilari salohiyatidan keng foydalanildi. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan saylov okruglarida aholi bilan 300 dan ziyod uchrashuvlar o‘tkazilib, unda 26 ming aholi qamrab olindi. Ularda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan mingga yaqin takliflar bildirildi.

Fraksiya azolari tomonidan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasi bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsad va vaziflariga to‘la mos kelishi, mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi ekanligi bildirildi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi global tusdagi ekologik muammolarni bartaraf etishda ekologik innovatsiyalarni joriy etish, ekologik toza, energiya samarador va resurstejamkor loyihalarni amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot”ga amaliyotga tadbiq etish, mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlariga moslashish imkonini berish bilan bir qatorda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishiga, bu esa aholimiz farovonligi yanada oshishiga xizmat qilishi xalq vakillari tomonidan alohida aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida mazkur jarayonda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

birds birds