calendar 20 Iyul 14:05

Komissiya tomonidan har bir masala atroflicha oʻrganilmoqda

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni oʻrganish boʻyicha Komissiya aʼzolari guruhlarga boʻlingan holda oʻrganishlar olib bormoqda.

Xususan, komissiya aʼzolari boʻlib oʻtgan voqealardan jabr koʻrgan fuqarolar — Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida yashovchi Umid Muhamedov va Iskandar Ikramovlar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini koʻrib chiqishdi. Maʼlum boʻlishicha, ularga tegishli boʻlgan avtomashina boʻlib oʻtgan voqealar oqibatida yonib ketgan. Avtomashinaning holati voqea sodir boʻlgan joyga borgan holda oʻrganildi.

Shuningdek, komissiya aʼzolari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgi Kengesi maʼmuriy binosiga oʻtkazish punktida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan suhbatlar oʻtkazildi. Oʻrganishlar jarayonida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Qoraqalpogʻistonda roʻy bergan voqealar vaqtida amalga oshirilgan harakatlar, tartibsizliklarni bartaraf etish boʻyicha qilingan choralar haqida batafsil soʻzlab berishdi.

Bundan tashqari, komissiya aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari bilan muloqotlar qilishdi. Deputatlar bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha aholining xabardorligi, ushbu tartibsizliklarning kelib chiqish sabablari toʻgʻrisidagi fikrlar almashildi.

Komissiya aʼzolari shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi maʼmuriy binosi va hududi xavfsizligini taʼminlovchi va ushbu voqealar boʻlgan kuni xizmatda boʻlgan xodimlar bilan uchrashishdi. Suhbat davomida Qoraqalpogʻistonda roʻy bergan voqealar vaqtida xodimlar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar, koʻrilgan choralar haqida maʼlumotlar olindi.

Komissiya aʼzolarining oʻrganishlari davom etmoqda.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari

boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

birds birds