calendar 19 Oktabr 05:43

Sirdaryolik saylovchilar bilan samimiy uchrashuv

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov saylovchilar bilan uchrashish maqsadida Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.

 

Nomzod Narzullo Oblomurodov Xovos tumani Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda, deputatlar, partiya faollari, OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvni partiya faoli Nargiza Tojiboeva ochib berdi hamda nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirish uchun so‘zni Sirdaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakil Olim Begiyevga berdi. Ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib eshittirdi.

So‘z navbati nomzodga berildi va Narzullo Oblomurodov o‘z saylovoldi dasturi bilan saylovchilarni batafsil tanishtirdi.

Jumladan, saylovoldi dasturidagi “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bugungi ekologik muammolarga yechim bo‘la olishi ham ta’kidlandi. Bu borada nomzodning saylovoldi dasturida belgilab qo‘yilgan bir qancha ustuvor vazifalar sanab o‘tildi.

Ishtirokchilar tomonidan saylovoldi dasturi haqidagi fikr-mulohazalardan so‘ng, ular tomonidan berilgan savollarga nomzod tomonidan batafsil javob berildi.

Uchrashuvdan so‘ng N.Oblomurodov Yangiyer shahar Sarkisov kanali bo‘yi xiyobonida nuroniylar va mahalla faollari bilan uchrashdi va an’anaga ko‘ra xiyobonga daraxt ekdi.

Narzullo Oblomurodov safar davomida Yangiyer shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham tanishdi. Mazkur loyiha doirasida Yangiyer shahar oqova suvlarni tozalash inshootini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yangiyer shahrida 21,849 km kanalizatsiya kollektorlari va tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 4 ta KNSni rekonstruksiyalash va 2 ta yangi KNS qurish hamda oqova suv tozalash inshooti (KOS) qurish, 205 ta ko‘p qavatli uylarni oqova tizimga ulash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, nomzod Mirzaobod tumanidagi anorchilik klasterida ham bo‘ldi. Mirzaobod tumanida jami 200 gektar maydonda anorzorlar tashkil etilgan bo‘lib, shundan 167 ga maydon klasterga, 33 ga maydon bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi.

2020 yilda mirzaobodlik mirishkorlar Koreya Respublikasiga 10 ming litr anor sharbati va 40 tonna anor urug‘i eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilda Koreya va Latviya davlatlariga 200 ming litr anor sharbati va 60 tonna anor urug‘i, Qozog‘istonga 60 ming litr anor sharbati, 40 tonna anor urug‘i yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Mazkur klaster 4 ga yer yer maydoni Gollandiya texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.

 

Shu bilan nomzodning Sirdaryo viloyatidagi tashrifi yakunlandi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

birds birds