calendar 25 Oktabr 16:48

Saylov yakunlari bo‘yicha brifing

Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov ishtirokida saylovga tayyorgarlik jarayonlari, amalga oshirilgan hamda saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

 

Brifingda prezidentlik saylovini yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari, nomzodning saylov shtabi a’zolari ishtirok etdi.

 

Ma’lumki, siyosiy kuch sifatida faoliyat boshlaganiga uch yilga yaqin bo‘lgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovda ishtirok etdi.

 

Prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Narzullo Oblomurodov saylov milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etilgani, ochiqlik va oshkoralik, barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgan bir muhitda o‘tganini alohida qayd etdi.

 

So‘nggi besh yilda mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jamiyatimizda ochiqlik siyosati va so‘z erkinligi izchil ta’minlanayotgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyati tobora oshib borayotgani saylov jarayonida nomzodlar o‘rtasida erkin raqobat muhitini ta’minladi. Bularning barchasi mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarilgani ifodasidir.

 

Shuni alohida qayd etish zarurki, saylov kampaniyasi davomida targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun barcha nomzodlarga demokratik va tenglik tamoyillari asosida bir xil sharoit yaratib berildi. Jumladan, Ekologik partiyadan ko‘rsatilgan nomzodni jamoatchilikka tanishtirish, saylovoldi dasturini yoritish uchun saylov qonunchiligiga asoslangan bepul efir vaqti hamda matbuot nashrlaridan bepul sahifalar ajratildi.

 

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov saylovning dastlabki natijalarini xalqimiz xohish irodasi hamda tanlovi sifatida hurmat qilishini va bu natijalarni to‘lig‘icha tan olishini ta’kidladi.

 

«Fursatdan foydalanib, saylovchilarning 80,1 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yuksak lavozimiga saylangan O‘zbekiston tadbirkorlari va ishbilarmonlari harakati – Liberal-demokratik partiyasidan nomzod hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni o‘zim va partiyadoshlarim nomidan chin dildan tabriklayman. Biz kelgusida saylangan Prezidentning barcha g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti va xalqimizning porloq kelajagi yo‘lida bor kuch va g‘ayratimizni ayamasdan mehnat qilishimizni bildiraman», dedi Narzullo Oblomurodov

 

Ovoz berish jarayonida biror qonun buzilishi holatlari kuzatilmagani, barcha saylov uchastkalarida partiyaning kuzatuvchilari va ishonchli vakillari faoliyat olib borganini qayd etdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Axborot xizmati.

birds birds