calendar 18 Fevral 14:24

50 yillik Ohangaron chiqindi poligoni yopilib, 30 gektarli yangisi ochiladi

Toshkent viloyatining Ohongaron tumanidagi chiqindi poligoni 1970 yillardan beri faoliyat yuritadi. Maydoni 59 gektar bo‘lgan ushbu poligonga bir kunda 2 ming tonnagacha Toshkent shahridan olib chiqiladigan chiqindilar joylashtiriladi. Respublikamizdagi eng katta chiqindi tashlanadigan hududlardan biri bo‘lgan bu poligonning 98 foizdan ziyod qismi to‘lib bo‘lgan.

Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti hamda “Maxsustrans” DUK hamkorligida Ohangaron chiqindi poligoniga press-tur tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari, “Maxsustrans” DUK rahbariyati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati partiya tashkiloti vakillari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, prezidentimiz raisligida joriy yilning 2 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1 mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rish, poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Press-tur ishtirokchilari Ohangaron poligonida olib borilayotgan rekultivatsiya va ko‘mish ishlari bilan tanishdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov o‘z fikrlarida davlatimiz rahbari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga bejiz e’tibor qaratilmayotgani, chiqindilar eng katta ekologik muammolardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.   

— Bugungi kunda poligonni tartibga keltirish ishlari qizg‘in olib borilmoqda, — deydi Toshkent shahar “Maxsustrans” DUK rahbari maslahatchisi Ismoil Sagdullaev. — Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokida 30 gektar maydonda yangi poligon tashkil etish bo‘yicha 17 million dollarlik loyiha doirasida ishlar boshlab yuborilgan. O‘z navbatida hozirgi poligonda Koreyaning Sejing kompaniyasi mablag‘lari asosida rekultivatsiya ishlari olib borilayotgan bo‘lib, unga o‘rnatilayotgan quvurlar orqali hosil bo‘lgan metan gazlarini tortib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Ohangaron poligoni 98 foiz to‘lgan bo‘yishiga qaramasdan 30 gektarlik yangi poligon ishga tushgunga qadar chiqindilarni qabul qilish imkoniyatiga egaligi ta’kidlab o‘tildi. Yangi chiqindi poligoni esa joriy yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi aytildi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi matbuot xizmati

 

birds birds