calendar 30 Aprel 08:32

Saranjom-sarishtalik, hamjihatlik va birdamlik bayrami

Tozalik va ozodalik, poklik, saranjom-sarishtalik xalqimizga xos bo‘lgan eng yaxshi fazilatlardan sanaladi. Ammo hashar deb atalmish ezgu qadriyatimiz borki ushbu fazilatlar bilan birga insoniylik, mehr-oqibat, birdamlik kabi odatlarni ham o‘zida mujassam etgan.

Ko‘p ming yillik tarixga ega bo‘lgan bu ezgu an’anada atrof-muhit, ko‘chalar, ariq va zovurlar, bog‘u rog‘lar tozalanib, obodonlashtiriladi, ko‘kalamzorlashtiriladi. To‘planib qolgan chiqindilar olinib, joylarda ekologik holat yaxshilanadi.

 

Hukumatimizning tegishli farmoyishiga ko‘ra bugun butun mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.

“Mahalla obodligi – yurt farovonligi” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirilmoqda. Daraxtlar oqlanib, yangi ekilgan ko‘chatlar parvarishlanayotir.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, hududiy va tuman (shahar) partiya tashkilotlari xodimlari, partiya faollari, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari hamda mahalliy kengash deputatlari ushbu umumxalq hasharida faol ishtirok etmoqda.

 

Jumladan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hovlisida O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrillo Gapporov, fraksiya deputatlari hamda partiya xodimlari ishtirokida hashar o‘tkazildi.

Hashar davomida atrof tozalanib, yangi ekilgan manzarali daraxtlar parvarish qilindi. Chiqindilar to‘planib, belgilangan joylarga olib chiqildi.

 

Hasharning ozodalik, saranjom-sarishtalik, hamjihatlik va birdamlik ramzi ekanligi bugun deputatlar hamda partiya xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan hasharda yana bir bor o‘z isbotini topdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi matbuot xizmati

 

birds birds