calendar 18 Fevral 13:59

Chiqindi poligoni atrof-muhitga xavfsiz holda yo‘q qilinmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, resursini o‘tab bo‘lganlarini ko‘mish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

 

Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi “Cho‘lobod” mahallasi, G‘aybu qishlog‘i yaqinidagi chiqindi poligoni 1980 yillarda tashkil qilingan. Bugungi kunda rekultivatsiyaga muhtoj bu joy ancha yillardan buyon yaqin atrofdagi manzillar havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, poligon yaqinida yashayotgan aholining ham haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgandi.

Albatta, 40 yil oldin bu poligon aholi yashash joylaridan yetarli daraja uzoqda bo‘lgan. Ammo shahar va qishloqlar kengayishi natijasida aholi yashash joylari poligonga ancha yaqinlashib qolgan. Ayni paytda poligondan “Cho‘lobod” mahallasigacha bo‘lgan masofa atigi 1-1,5 kilometrni tashkil qiladi.

 

“Cho‘lobod” mahallasi aholisi tomonidan chiqindi poligonidan tarqalayotgan badbo‘y hiddan odamlar aziyat chekib, hududning sanitariya holati yomonlashayotgani yuzasidan bir necha bor Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga murojaat ham etishgan.

Shu kunlarda aholining murojaatlari e’tiborga olinib hamda davlatimiz rahbarining tegishli topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan Urganch tumanidagi mazkur chiqindi poligonini rekultivatsiya qilish va ko‘mish boshlab yuborilgan edi.

 

Kuni kecha Xorazm viloyati Urganch tumanida bo‘lib, ushbu chiqindi poligonini rekultivatsiya qilish ishlari bilan bevosita tanishdik. Chiqindilarni ko‘mish jarayoni belgilangan talab va standartlar asosida olib borilishi, buning tuproq va yer osti suvlariga zarar yetkazmasligi yuzasidan rekultivatsiya ishlarini amalga oshirayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildik.

 

Hozirgi kunda ushbu chiqindi poligoniga 50 dan ziyod texnikalar jalb qilingan bo‘lib, chiqindilarni ko‘mish ishlari izchillik bilan davom ettirilmoqda. Olib borilayotgan ishlar natijasida “Cho‘lobod” mahallasida yashovchi fuqarolar uchun chiqindi poligonining zararli tasiri kamayib, ekologik holat yaxshilanadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi mutasaddilari, “Cho‘lobod” mahallasi faollari bilan birgalikda ko‘milgan chiqindi poligoni ustida va atrofida manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, yashil hududlar yaratish bo‘yicha kelishib oldik. Eng muhimi, chiqindi poligoni atrof-muhitga, tuproq va suvga zarar yetkazmaydigan holda rekultivatsiya qilinmoqda.

 

Kamol JUMANIYOZOV,

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish

davlat qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

birds birds