Partiya dasturi

  • O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab, mamlakatni barqaror rivojlantirishga erishish, xalq farovonligini oshirishga  yo‘naltirilgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

    Bugun mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida - davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyotni liberallashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, tashqi siyosat, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimi va boshqa sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Islohotlarning maqsadi adolatli jamiyat va demokratik davlat qurish, «inson manfaatlari hamma narsadan ustun» tamoyilini amalga oshirish ustuvor hisoblangan joyda fuqarolarning qulay atrof muhitga bo‘lgan huquq va manfaatlarini himoya qilishdir.

    O‘tmishda atrof muhit holatiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslardan me’yordan ortiq foydalanish va ekologik talablarga bepisand munosabatda bo‘lish Orol dengizi qurishi, cho‘llanish, yer va suv resurslarining tanazzuli, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi,  biologik xilma-xillikning qisqarishi, ko‘p miqdordagi sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarning hosil bo‘lishi kabi bir qator global va mintaqaviy ekologik muammolarni paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu muammolar iqlim o‘zgarishi sodir bo‘layotgan sharoitlarda yanada yaqqolroq va kuchliroq namoyon  bo‘lib, zamonaviy O‘zbekiston uchun atrof muhitni muhofaza qilish va uni sog‘lomlashtirish masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.

    Mustaqil rivojlanish yillarida mamlakatimizda ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida muayyan tajriba orttirildi. Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida ilg‘or xalqaro talablarga javob beradigan fundamental normativ-huquqiy baza shakllantirildi. Mazkur sohada 30 ga yaqin qonunlar qabul qilindi va 300 dan ortiq normativ hujjatlar tasdiqlandi.

    Biroq, mazkur sohadagi vazifalarning ko‘lami mamlakatda ekologik holatni yaxshilash va yuzaga kelgan muammolarni yaxlit holda hal etishda jamiyatning barcha kuchlarini sa’y-harakatlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish zaruratini  qo‘ymoqda.

    Bu yuksak vazifani atrof muhit va aholi salomatligini saqlash sohasida faoliyat yuritayotgan milliy va xorijiy jamoatchilik tashkilotlari va harakatlarining ijobiy tajribalarini o‘zlashtirgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi bajarishga qodir.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

    mamlakatning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash;

    atrof-muhit muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashish.

    O‘z maqsadlariga erishish uchun Partiya quyidagi vazifalarni hal etadi:

    mamlakatda atrof muhit holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muamolarni kompleks hal etishga yo‘naltirilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surish;

    atrof muhitni muhofaza qilish, aholini sog‘lig‘ini saqlash va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

    O‘zbekistoning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda ekologiya sohasidagi xalqaro konventsiya, shartnoma va kelishuvlarga qo‘shilish;

    Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesidagi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlari va  deputatlari orqali siyosiy tashabbuslarni ilgari surish;

    mamlakatning ekologik siyosatini amalga oshirishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etish;

    ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchilikni ijrosini ta’minlashda davlat organlari, biznes va jamoat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish;

    Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, mahalliylashtirishni ta’minlash, ekologik vaziyatni tiklash va sog‘lomlashtirish, boshqa ekologik noqulay hududlarda ekologik muammolarni hal etish va aholi salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan innovatsion g‘oya va texnologiyalarni, dastur va loyihalarni  qo‘llab-quvvatlash;

    mamlakatda «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishga, qayta tiklanuvchi va boshqa muqobil energiya manbalarini, ekologik toza chiqitsiz (kam chiqitli) texnologiyalar va innovatsion yechimlarni tadbiq etish jarayonlarini faollashtirish;

    suv resurslarining yetishmasligi va ifloslanishi, cho‘llanish, yerlarning tanazulli, atmosfera havosini ifloslanishi,  biologik xilma-xillikning qisqarishi jarayonlarini to‘xtatish, shuningdek iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

    mamlakat manfaatlarini hisobga olgan holda transchegaraviy suv oqimlarining suv resurslaridan adolatli foydalanishga yo‘naltirilgan  tashabbuslarni ilgari surish va  harakatlarni qo‘llab-quvvatlash;

    aholining, ayniqsa qishloq joylarida toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni yaxshilash, mavjud suv chiqarish va kanalizatsiya inshootlarini modernizatsiya qilish, suv o‘tkazish tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish;

    mamlakatda ekologik tizimlarni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni va ekologik turizmni rivojlantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish;

    uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish, aholining ekologik madaniyati darajasini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish;

    davlatning ekologik siyosati ustuvor yo‘nalishlari, Partiyaning maqsad va vazifalari, mavjud ekologik muammolar va ularning yechimi bo‘yicha aholining xabardorlik darajasini oshirish; 

    yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga va yoshlarni tabiat va uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish;

    atrof muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari, korxonalar va muassasalar, siyosiy partiyalar, NNT, OAV, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;

    ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi masalalarni hal etishga xorijiy va xalqaro xamkorlarni jalb etish, xalqaro xamkorlikni rivojlantirish.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi «Biz kelajak uchun javobgarmiz!» g‘oyasini o‘zining bosh shiori hisoblagan holda o‘z faoliyatida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan:

  • I. Mamlakatda atrof muhitni holatini yaxshilash va ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish

    Mamlakatning ekologik siyosatini amalga oshirish va o‘zining siyosiy tashabbuslarini tadbiq etishda, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ekologik muammolarni hal etishda tizimli o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan amaliy choralarni ko‘rishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etish muhim omil bo‘lib bormoqda.

    Mazkur ustuvorlikni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatda atrof muhitni holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surishni muhim deb hisoblaydi.

    Mazkur maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagilarga intiladi:

    mamlakatning ekologik siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishga yo‘naltirilgan partiyaning siyosiy tashabbuslarini ishlab chiqish  va amalga oshirish;

    mavjud ekologik muammolarni hal etish, ularning yuzaga kelishini oldini olish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha strategiya va dasturlarni amalga oshirishni ta’minlash;

    ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etishga doir strategiya va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik sub'yektlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini safarbar etish.

  • II. Ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan, tabiatni muhofaza qilish masalalarini huquqiy jihatdan tartibga solishni takomillashtirish, atrof muhit, aholi salomatligini saqlash va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni yanada rivojlantirish maqsadida davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlari tomonidan yangi qonun hujjatlari qabul qilish, amaldagi qonunlarni takomillashtirish tashabbusi bilan chiqadi.

    Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini himoya qilishni hamda tabiatdan foydalanish sohasida iqtisodiy mexanizmlarni joriy etishni yaxlit tarzda ta’minlash bo‘yicha qonun hujjatlarini qabul qilish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashishni;

    ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar va tabiatga, shu jumladan, transchegaraviy tusdagi zararli ta’sir oqibatlarini bartaraf etish hamda atrof muhit va inson salomatligiga yetkazilgan zararni qoplashni huquqiy jihatdan tartibga solish hamda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga ko‘maklashishni;

    O‘zbekistonning barqaror rivojlanish ustuvor maqsadlari va milliy manfaatlariga mos keluvchi xalqaro ekologik konventsiya va kelishuvlarga mamlaktimizning qo‘shilishi masalalarini ilgari surishni nazarda tutadi.

  • III. Aholining ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda ekologik va sanitariya me’yorlariga rioya etish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi aholining ekologik xavfsizlik Strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish hamda ro‘yobga chiqarish tashabbusi bilan chiqadi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasining asosiy vazifasi davlat organlari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, korxona va muassasalarning ekologik xavfsizlikni yaxlit, ya’ni atrof muhit, aholi salomatligini muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha amaldagi qonunlar talablariga rioya etishlari ta’minlash, strategiya va dasturlarni amalga oshirish ishlarida faollashtirishdan iborat bo‘ladi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolarning atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash hamda ekologik huquqbuzarlik sodir etganligi, atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazganligi uchun javobgarligini oshiradi.

    Bunda, markazda va joylarda davlat hokimiyati organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish uchun mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi, xususan:

    Orol ekologik fojiasi oqibatlarining Orolbo‘yi aholisi va atrof muhiti uchun salbiy ta’sirni yumshatish, shuningdek mamlakatning boshqa ekologik noqulay hududlarida tabiiy muhitni sog‘lomlashtirishga;

    suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida, yer to‘g‘risida, yer osti boyliklari to‘g‘risida, atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida, o‘rmonlar, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida;

    mamlakat aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va aholini suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish borasidagi javobgarligini kuchaytirishga;

    muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va ob'yektlar to‘g‘risida, ekologik sertifikatlash va ekspertiza to‘g‘risida, chiqindilarni boshqarish to‘g‘risida hamda ishlab chiqarish faoliyatida ekologik talablar to‘g‘risida;

    ekologik toza transport turlarini rivojlantirish;

    atrof muhit monitoringi tizimini rivojlantirish to‘g‘risida;

    innovatsion, ekologik toza chiqitsiz (kam chiqitli) texnologiyalarni tatbiq etish to‘g‘risida;

    aholi genofondini himoya qilish va ekologik xatarli hududlarda istiqomat qiluvchi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida;

    fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida;

    ekologik turizmni rivojlantirish to‘g‘risida va boshqalar.

  • IV. Mamlakatda «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishga ko‘maklashish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omili deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagilarni «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishning ustuvorliklari deb hisoblaydi:

    iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish;

    sanoat ishlab chiqarish, energetika, qishloq xo‘jaligi, savdo, transport  kommunikatsiya tizimi va kommunal sektorda innovatsion, resurstejamkor, energiyatejamkor, suv tejovchi, chiqitsiz (kam chiqitli) va boshqa ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish;

    ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oya va yechimlarni tatbiq etishni qo‘llab-quvvatlash;

    jamiyat hayotining barcha sohlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni faol tatbiq etish;

    «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish maqsadlariga erishish uchun  investitsiyalarni jalb qilish, moliyaviy, moddiy-texnik vositalarni va intellektual resurslarni safarbar etish.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan yangi qonunlar ishlab chiqish va qabul qilish hamda amaldagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish borasida jamoatchilik tashabbuskorligini rivojlantirishni muhim deb hisoblaydi:

    ekologik toza va xavfsiz, suv tejovchi, resurstejamkor  va energiyatejamkor texnologiyalarni tatbiq etishni  rag‘batlantirish hamda iqtisodiy, moliyaviy, soliq va boshqa turdagi mexanizmlarni yanada rivojlantirish;

    energiya resurslaridan tejamli foydalanish, bosqichma-bosqich qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga o‘tishni ta’minlash;

    qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va yangi samarali uslublarini qo‘llash hisobiga yer unumdorligi va uning meliorativ holatini yaxshilash;

    ishlab chiqaruvchiga atrof muhitni muhofaza sohasidagi konunchilikni buzish iqtisodiy naf keltirmaydigan tarzdagi soliqqa tortishning samarali tizimini yaratish, tabiatni muhofaza qilish faoliyati uchun soliq imtiyozlari berish;

    muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va ularning boshqarish tizimini takomillashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlashga ko‘maklashish.

  • V. Atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va qulay yashash sharoiti yaratish sohasidagi faoliyatni kuchaytirish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagi maqsadli mintaqaviy va hududiy dasturlar hamda loyihalarning joylarda amalga oshirilishini faollashtirishga intiladi:

    suv resurslaridan, shu jumladan, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanishga, suvni muhofaza qilish zonalari rejimiga rioya qilishga;

    atmosfera havosini, yer osti va yer usti suvlarini ifloslanishi, atrof muhitning shovqinli va elektromagnitli ifloslanish darajasini pasaytirishga;

    sanoat, qurilish, qishloq xo‘jalik, maishiy, tibbiy va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, ko‘mish bilan bog‘liq bo‘lgan chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishga;

    aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga;

    sanoat va maishiy oqovalarni tozalash inshootlarini qurish va rekonstruktsiya qilishga;

    ekotizimlarni, ayniqsa tabiatni muhofaza qilish noyob ob'yektlari va hududlarini saqlashga;

    atrof muhitga, ekotizimlarga zararli ta’sirni va tabiiy resurslarni qisqarishini kamaytirish maqsadida mavjud ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilishga;

    shaharlar va aholi punktlarining ekologik holatini yaxshilash hamda obodonlashtirishga, zamonaviy urbanizatsiya jarayonining salbiy ekologik oqibatlarini bartaraf etishga, aholi punktlarida «yashil hududlarni» tashkil etishga;

    shaharlar va aholi punktlari, ayniqsa intensiv shamol eroziyasi va cho‘llar joylashgan hududlar atrofida ixota o‘rmonlarini barpo qilishga;

    sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga va aholining genofondini muhofaza qilishga;

    ekologik sug‘urta tizimini yaratish va rivojlantirishga;

    ekologik ekspertiza, ekologik baholash va ekologik audit tizimlarini takomillashtirishga;

    turizmning ekologik, agro, gastronomik, ekstremal va boshqa turlari infrastrukturasini rivojlantirishga;

    qishloqlarda maishiy turmush madaniyatini, ayniqsa, uning sanitar-gigiyenik va ekologik jihatlarini yaxshilashga;

    davlat, idoraviy, ishlab chiqarish va jamoat ekologik nazorati tizimlarini rivojlantirishga.

    Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi joylarda tabiatni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan istiqbolli investitsion loyihalarni bajarilishi ustidan tizimli jamoatchilik ekologik monitoringini amalga oshirilishini, bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari va kreditlari, homiylar mablag‘larini o‘z vaqtida, to‘liq o‘zlashtirishga va oqilona foydalanishga o‘z e’tiborini qaratadi.

  • VI. Aholining ekologik savodxonlik darajasini oshirish, dunyoqarashi va ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ekologik ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash

    Aholining xabardorligini, ekologik madaniyati darajasini oshirish, har bir insonda atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, mamlakatning noyob tabiatini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash fuqarolik javobgarligini  shakllantirish bugungi kunda ekologik holatni yaxshilash va atrof muhitga salbiy texnogen hamda antropogen tasirni oldini olishning muhim omili bo‘lib bormoqda.

    Ushbu ustuvor yo‘nalishni amaliyotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi ekologik fikrlashni shakllantirish, uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiyaning mukammal tizimini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan ishlarda keng jamoatchilikning faol ishtirokini muhim deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur yo‘nalishda quyidagilarga yo‘naltirilgan davlat dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etadi:

    uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiya kontseptsiyasini va dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;

    ekologiya sohasidagi mutaxassislarning malakasini, shuningdek, ishlab chiqarishning turli tarmoqlari, iqtisodiyot va boshqaruv, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini ekologik ma’lumoti darajasini oshirishning samarali tizimini yaratish;

    ekologik ta’lim-tarbiya jarayoniga masofadan o‘kitish uchun resurslar yaratishni o‘z ichiga olgan zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish;

    yoshlarning ekologik ta’limi va tarbiyasi masalalarida davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, oila, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish.

    Aholining ekologik madaniyatini oshirish vazifasini hal etish uchun O‘zbekiston Ekologik partiyasi xalqimizning doimo tabiat va inson uyg‘unligiga erishishni ta’minlashga intilish, kelgusi avlod uchun uni asrab-avaylash, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejamli foydalanishdek asriy an’analari va qadriyatlaridan iborat madaniy va tabiiy merosiga murojaat qilishni muhim deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi ushbu vazifalarni davlat organlari, siyosiy partiyalar, NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikda hal etadi.

    Mavjud ekologik muammolarga jamoatchilikning e’tiborini qaratish, ularni izchil hal etishning eng maqbul yo‘llarini jamoatchilik muhokamasini tashkil etish, atrof  muhit muhofazasi holati, uni muhofaza qilish ishlari haqida fuqarolarni haqqoniy va tezkor axborot bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi mavjud ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi hamda o‘zining ommaviy axborot vositalari va Internet resurslarini tashkil etadi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof tabiiy muhit muhofazasi sohasida resurs va energiya tejovchi, ekologik toza texnologiyalar borasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirishda keng jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashini ta’minlagan holda bugungi kunda fan va ta’lim sohasiga sarflanayotgan mablag‘lar mamlakatimizda kelajagimiz egalariga xizmat qiladigan, ekologik madaniyati yukori, yuksak intellektual jamiyatni shakllantirishga mustahkam poydevor bo‘ladi, deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    aholining atrof muhit holati va ekologik vaziyatni yaxshilash, fuqarolar salomatligini muhofaza qilishga oid  ko‘rilayotgan  chora tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatini ta’minlash;

    ekologik ta’lim va tarbiya tizimini shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlari uchun ta’limni rivojlantirish;

    yuksak ekologik madaniyat darajasiga, har bir fuqaro tomonidan mamlakatning noyob tabiati halkimiz tarixiy merosining ajralmas qismi ekanligi va kelajak avlodlar uchun uni asrab-avaylashda o‘zining mas’uliyatini anglashiga erishishga bosqichma-bosqich intiladi.

    VII. Atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni zarur, deb hisoblaydi va mamlakatni barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish yo‘lida jamiyatning barcha qatlamlarini sa’y-harakatlarini birlashtirishga intiladi.

    Shu maqsadlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    muayyan ekologik muammolarni hal qilish uchun ekologiya sohasida jamoatchilik faolligini rivojlantirishga ko‘maklashish hamda bu borada tashabbuskor bo‘lishni;

    yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni, yoshlarni va o‘sib kelayotgan avlodni tabi­atni muhofaza qilish ishlariga faol jalb etishni;

    partiya safiga fermerlar va agrar sohaning boshqa xodimlarini keng jalb etish orqali mamlakatning yer va suv resurlaridan tejamli va oqilona foydalanishdagi muammolarni hal etish maqsadida ularning ishtirokini yanada faollashtirishni;

    insonlarning o‘z sog‘lig‘ini saqlashda mas’ullik munosabatlarini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda xalk ta’limi va sog‘likni saqlash organlari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari o‘zaro hamkorligini mustahkamlaydi.

  • VII. Atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof muhitni muhofaza qilish chegara bilmasligini hisobga olgan holda, xalqaro va xorijiy ekologik jamoatchilik tashkilotlari bilan aloqalarni izchil ravishda rivojlantiradi va mustahkamlaydi.  

    O‘zbekiston halqaro huquqning eng muhim ekologik hujjatlariga - BMTning cho‘llanishga qarshi kurash, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi, transchegaraviy suvlardan foydalanish bo‘yicha va boshqa konventsiyalariga ko‘shilganligiga alohida e’tibor olgan holda O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof muhit muhofazasi va fuqarolar salomatligi, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga doir samarali halqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga intiladi.

    Shu maqsadlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    ekologik muammolar bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar, halqaro konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkazish amaliyotini rivojlantiradi;

    xalqaro ekologik forumlarda O‘zbekiston vakillarining ishtirok etishiga ko‘maklashadi;

    xalqaro va xorijiy ekologik tashkilotlar bilan hamkorlikdagi tadbirlar va ekologik aktsiyalar o‘tkazish tashabbusini ko‘rsatadi va amalga oshiradi;

    O‘zbekistonda ekologik holatni yaxshilash va fuqarolar salomatligini saqlash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotni xorijiy jamoatchilik e’tiboriga yetkazadi;

    atrof muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha xalqaro huquqiy hujjatlarni takomillashtirishda ishtirok etadi;

    Markaziy Osiyoning ekologik xavfsizligini ta’minlash nafaqat shu hududda yashovchi xalqlarning hayoti va taqdiriga bevosita aloqador, balki global ahamiyatga ega ekanligi hamda Orol dengizining qurishi, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi, suv resurslarining tanqisligi va ifloslanishi, bioxilma-xillikning qisqarishi, ifloslanishlarning transchegaraviy ko‘chishi kabi muammolarni hal qilish har bir davlat manfaatlari chegarasidan chiqishi va ularni birgalikda hal etish zaruratini hisobga olib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha halqaro loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va ularda faol ishtirok etishni nazarda tutadi:

    insoniyat o‘lchovlaridagi ushbu va boshqa o‘tkir ekologik muammo va masalalarni hal etishda xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish;

    O‘zbekistonda «yashil iqtisodiyot» printsiplarini joriy etish va undan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish;

    atrof muhit, aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ustuvor dastur va loyihalarni investitsiyalashga xalqaro moliya institutlarni jalb qilish.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizning barcha fuqarolarini insonlarning sog‘lig‘ini saqlash va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek oliy vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.