Besh yuz nafar yetim bolalar uy-joy bilan ta’minlanadi
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘maklashish, sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish dolzarb masalalardan biri sanaladi.
Ammo yana bir muhim jihat borki, bunday bolalarni ijtimoiy himoya qilishda alohida resurslarni talab etadigan, ochiq va shaffof hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga asoslangan tizim ham bo‘lishi kerak.
Gap yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tizimi haqida bormoqda. Shu sababli yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekanligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashi mustahkamlab qo‘yildi.
Prezidentimiz raisligida 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.
Eng avvalo, uy-joyga muhtoj yoshlarni shaffof tarzda aniqlab olish zarurligi, shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan haqiqatda uy-joyga muhtoj yoshlar ro‘yxati shakllantirish va ularga beriladigan uy-joyning narxi bozor bahosidan kelib chiqib, hududlar kesimida belgilanishiga urg‘u berildi.
Ayni chog‘da hududidan qat’i nazar, bu toifadagi yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash uchun respublika bo‘yicha bir xilda, ya’ni 1 xonali (25 kvadrat metr) uy uchun 132 million so‘m ajratilyapti. Lekin, hozirda bu narxga uy-joy deyarli yo‘q. Shundan kelib chiqib, joriy yilda bu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar 140 milliard so‘mga yetkaziladi. Bu o‘tgan yili viloyatlarga berilgan 72 milliard so‘m mablag‘ga nisbatan salkam 2 barobarga ko‘pdir.
Ushbu yo‘nalishda viloyat hokimlarining ham mas'uliyati oshirilmoqda. Xususan, 1-iyunga qadar navbatda turgan 500 nafar yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlashga uchun ularning shaxsan mas’ul ekanligi belgilandi. Bunda, hokimlar va Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘zaro hamkorlikda ish olib boradi. Hokimlar – yetim bolalar uchun uy-joy topish va ularni joylashtirishga, Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa, uy-joy sotib olishni moliyalashtirishga mas’ul bo‘ladi.
Bu vazifalarni bajarishda albatta “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodimlari mas'uliyatni yanada oshirish va yordamga muhtoj yoshlarni to‘liq qamrab olishga e’tiborni yanada kuchaytirishi lozim bo‘ladi.
Ota-onasidan ayrilgan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi uchun ko‘maklashish maqsadida joriy etiladigan “Yoshlarga hamrohlik” dasturini amalga oshirish ham barcha tashkilotlar qatori, Qonunchilik palatasi deputatlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada biz xalq vakillari tegishli tashkilot va idoralar bilan birgalikda yoshlarni xohish-istaklarini o‘rganib, ularni kasb-hunar egallashi uchun zarur choralarni ko‘ramiz.
Umuman olganda, mazkur masala bugun har birimiz e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan kechiktirib bo‘lmas vazifadir. Uni aslo ortga surib bo‘lmaydi. Shunday ekan, biz deputatlar ajratilayotgan mablag‘larning manzilliligi va uy-joyga muhtoj yetim bolalarning to‘liq qamrab olinishida hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz hamda bu borada ta’sirchan parlament nazoratini olib borishimiz lozim bo‘ladi.
Muxtorjon HOJIMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi