Partiya rahbari yoshlar bilan uchrashdi
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Kamalak bolalar tashkilotining ekologiya yo‘nalishi sardorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Xamzayev hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Temur Poyonov ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda kuzatilayotgan ekologik muammolarga qarshi kurashish va asosli yechimlarni topishda intiluvchan yoshlar muhim kuchga aylanishi zarurligi, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish va turli huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz kayfiyatda kurashish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida turli targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishni ko‘paytirish zarurligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasining a’zolari 622 mingdan oshgan bo‘lib, ularning 298 720 nafari, ya’ni qariyb 48 foizini yoshlar tashkil etmoqda.
Partiyaning “Yoshlarda ekologik madaniyat, ta’lim tarbiyani yuksaltirish”, “Deputat va Yoshlar”, “Tabiatni plastik va polietilenlardan asraylik”, “Ekologik oylik”, “Tabiat uchun g‘amho‘rmiz”, “Ekologiya bolalar nigohida”, “Suvni birgalikda asraylik!” shiori ostidagi ko‘plab loyihalari doirasidagi turli tadbirlarda faol va tashabbuskor yoshlar munosib ishtirok etib kelmoqda.
Mana shunday tashabbuskor yoshlarning bunyodkorlik ruhidagi sayi-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, takliflarini o‘rganishga partiya tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Ular bilan qator uchrashuvlar tashkil etilib, qiziqishlari qanoatlantirilib, tegishli yo‘nalishlar berilmoqda.
Uchrashuv davomida bir qator iqtidorli yoshlar ekologiyamizni turli tahdidlardan saqlash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan turli savollarga mas’ullardan atroflicha javob olishdi.
Tadbir so‘ngida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
axborot xizmati